Bosh prokuratura 2020 yilning oktyabr oyida COVID-19 dan vafot etgan turkshunos olim Andrey Kubatin bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atmaslik qarorini bekor qilmasligini ma’lum qildi.

Andrey Kubatinning opasi Klara Saxarovaning prezidentga yo‘llagan shikoyatida 2017 yil 25 martda Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan ukasiga nisbatan Jinoyat kodeksining 157-moddasi (davlatga xoinlik qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

Dastlabki tergov davomida Kubatinga DXX xodimlari tomonidan ruhiy va jismoniy tazyiq o‘tkazilishi natijasida u o‘zi sodir qilmagan jinoyatiga iqror bo‘lgani, 2017 yil 1 dekabrda esa Respublika Harbiy sudi hukmiga asosan JKning 157-moddasi 1 kismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, 11 yil muddatga ozodlikdan maxrum qilingani haqida bayon etilgan.

Shuningdek, shikoyatda Klara Saxarova Andrey Kubatin 2019 yil 26 sentyabrda jinoyat ishlari buyicha Toshkent viloyati sudi tomonidan oqlanib, ozodlikka chiqarilgani, 2020 yilda esa u COVID-19 bilan kasallanib, 2020 yil 27 oktyabr kuni vafot etganini ta’kidlagan. Ukasiga nisbatan tergov jarayonida ruhiy va jismoniy tazyiq o‘tkazgan DXX xodimlari harakatlariga qonuniy baho berishni so‘ragan.

Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, ushbu murojaat yuzasidan 2021 yil 9 fevral kuni DXX tergov boshqarmasi tomonidan ushbu tergov harakatlarida qatnashgan DXX xodimlari harakatlari qonuniyligini har tomonlama o‘rganib chiqish maqsadida tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Kubatin 2017 yilning 10 aprelidan 2017 yil 14 sentyabrga qadar tergov xibsxonasida saqlangan.

«Xibsxonaga joylashtirish va chiqib ketayotgan vaqtida uning badanida jismoniy jarohatlar kuzatilmagan, u sog‘lig‘i bo‘yicha hech qanday shikoyat bilan murojaat qilmagan va uning sog‘lig‘i, ruhiy holati mutaxassislar tomonidan ijobiy baholangan. Shuningdek, tergovga qadar tekshiruvda ushbu jinoyat ishi qonun doirasida o‘tkazilganligi xamda fuqaroga huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan hech qanday jismoniy yoki ruhiy tazyiq o‘tkazilmaganligi aniqlanib, natijasiga ko‘ra jinoyat ishini ko‘zg‘atishni rad qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan», — deyiladi bayonotda.

Marhum Kubatinga nisbatan to‘plangan tergovga qadar tekshiruv materiallari Harbiy prokuratura tomonidan nazorat tartibida o‘rganilib, jinoyat ishini ko‘zg‘atishni rad qilish to‘g‘risida qarorni bekor qilish uchun asoslar topilmadi, deya ma’lum qildi Bosh prokuratura.

Andrey Kubatinning opasi Klara Saxarovaning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, ushbu ish bo‘yicha navbatdagi sud 22 aprel kuni bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.