Andijon viloyatining Izboskan tumanida 2 nafar bolaning onasi G. va O. (erkak) kimdan ekanligi noma’lum bo‘lgan 3 oylik chaqalog‘ini sotmoqchi bo‘ldi, deya xabar bermoqda «Qonun va ijro» nashri. Bu xabar tezda tarqalib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga qadar yetib borgan.

Tezkor tadbir davomida G. va O. istiqomat qilayotgan xonadonga chaqaloqni ko‘rgani «er-xotin mijoz» borgan. Shu yerda G. fuqaro O. orqali «mijoz»ga qiz chaqalog‘ini 700 AQSH dollariga sotmoqchi ekanini bildirgan. Og‘zaki kelishuvdan so‘ng, ular Andijon shahridagi «Daryotrans» yonida ko‘rishishga kelishib olgan.

«Aytilgan vaqtda aytilgan manzilga O. uning singlisi F. va chaqalog‘ini ko‘targan G. yetib borishdi. „Mijoz“ bergan 700 dollarni F. sanab olib, 500 dollarni akasiga berdi. Qolganini o‘zida olib qoldi. Mana shundan so‘ng, G. chaqalog‘ini „mijozga“ uzatdi», — deyiladi xabarda.

Keyin esa u tilxat yozib, uni va bolaning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasini ham «mijoz»ga bergan.

Shundan so‘ng, Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari odam savdosining oldini olishga qaratilgan tezkor tadbir o‘tkazilganini qayd etib, gumondorlarni qo‘lga olgan.

Fuqaro G. avval o‘zi ijarada yashagan uy egasida qoldirgan bolasini boqib bergani uchun 500 dollar qarzi borligini aytgan. Qolaversa, qiz farzandini boqishga qiynalgani uchun uni sotishga uringan. Bu vaqtda G. bosqinchilik, o‘g‘irlik kabi jinoyatlari uchun jazosini o‘tab chiqqan O. bilan yashay boshlagan.

Sud majlisi davomida uy egasi fuqaro G. ning undan qarzi yo‘qligi, O. va F.larni tanimasligini aytgan. U G. ning tug‘ruqxonadan chiqishiga o‘zi sarf-xarajat qilgani, uning katta farzandini boqib kelayotgani va ularga mehri tushib qolganini qo‘shimcha qilgan. Qolaversa, G. dan 500 dollar so‘ramagani va uning farzandini garov evaziga ushlab turmaganini ta’kidlagan.

Fuqaro O. esa aybiga qisman iqror bo‘lgan. U notariusda ishlagan tanishiga qo‘ng‘iroq qilib, holatni aytgan. Tanishi bolaning tug‘ilganlik guvoxnomasini va onasining pasportini olib Andijon shahridagi «Baxt uyi» oldidagi notariusga borish kerakligi hamda ushbu notariusda bolani boshqa shaxsga o‘tkazib berishini tushuntirgan. Shu sabab O. ushbu ishini qonuniy deb bilgan.

JIB Andijon shahar sudi hukmi bilan fuqaro O. 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

G. va F.ga esa ayol kishi ekani, voyaga yetmagan farzandlari borligi, ular onasining mehriga muhtoj ekanini inobatga olib, ularni xulqini jamiyatdan ajratmagan holda qayta tarbiyalash mumkin deb hisoblab, JKning 72-моддасини (Shartli hukm qilish) tatbiq qilib, tayinlangan jazoni shartli jazoga almashtirdi.