Xorazm viloyati Shovot tumani «Katqal’a» mahallasida yashagan 19 yoshli Muxlisa Qadamboyeva 1 aprel kuni taxminan 11:00da yashash uyining molxonasida osilgan holda topilgan. Bu haqda «Gazetauz»ga O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabar qildi. Prokuraturaning aniqlik kiritishicha, yosh juvon yog‘och to‘siniga oq rangli shpagat ip bilan o‘zini o‘zi osib, o‘z joniga qasd qilgan.

Dastlabki ekspert ma’lumotiga ko‘ra marhumaning o‘limiga o‘zini o‘zi osishi natijasidagi asfiksiya sabab bo‘lgan.

Marhuma 2020 yil oktyabr oyida 20 yoshli M.Yangiboyev bilan turmush qurib, uning oilasi bilan «Katqal’a» mahallasida istiqomat qilib kelgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda xabar qilinishicha, ayolning o‘z joniga qasd qilishiga eri, qaynog‘asi va qaynotasi tomonidan tazyiq ostiga olinishi sabab bo‘lgan. Bunga Muxlisa Qadamboyevaning so‘roqsiz xolasining tug‘ilgan kuniga borgani va yo‘l uchun qo‘shnisidan 5000 so‘m qarz olgani sabab bo‘lgan.

Bosh prokuraturadan «Gazeta.uz»ga ma’lum qilinishicha, tergovga qadar tekshiruv davomida mazkur ma’lumot ham tekshirilmoqda.

Prokuraturaning dastlabki to‘plangan hujjatlarga tayanib qayd etishicha, Muxlisa Qadamboyeva yoki uning oila a’zolari turmushi davomida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yoki mahalla fuqarolar yig‘iniga shikoyat qilishmagan.

O‘zbekiston prezidentining qizi Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram kanalida «ayollarga nisbatan zo‘ravonlik mavzusidagi yangiliklar keyingi kunlarda umidsizlik zanjiriga bog‘lanib ketayotgani»ga e’tibor qaratdi.

«Biri o‘g‘il farzand ko‘rolmagani uchun qizlari bilan o‘zini poyezd tagiga tashladi. Boshqasi kaltaklarga chidolmay, o‘zini osdi. Qo‘shnilaridan yo‘lkiraga besh ming olganiga do‘pposlashibdi. Norasida qizning nomusiga tekkan kimsa jazosiz qoldi, oilaning zo‘ravonga kuchi yetmadi. Bunday xabarlarni eshitib, odamning ko‘ngli buzilib ketyapti. Bu hali daragi bizgacha yetib kelganlari. Yana qanchasi bosti-bosti bo‘lib ketyapti ekan?» — deya savol berdi u.

Uning fikricha, jazosizlik — sukut natijasi.

«Ayol kishi uyidagi gapni tashqariga chiqarishi, dardi, musibati haqida birovlarga gapirishi qanchalik qiyinligini tushunaman. Ko‘pchilik xotin-qizlar buni o‘zi uchun sharmandalik deb biladi. Ana shu o‘rinsiz uyatni yengib, zo‘ravonlik haqida ochiq so‘zlay olayotganlar tahsinga loyiq. Siz faqatgina o‘zingizga emas, balki kun sayin, yillab zulmga chidab kelayotgan, jabrdiyda bo‘la turib, ta’nalar tagida qolishdan qo‘rqqan, hatto eng yaqinlariga ham dardini ayta olmayotgan ayollarga yordam beryapsiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.

«Birovga zulm qiluvchilar, mansabidan foydalanib, jinoyatchilarni qo‘llayotganlar, telefon orqali ish bitiradiganlar, odam tanlab, ayrimlarni boshqalardan ustun qo‘yadiganlar sharmanda bo‘lsin! Shular ta’naga qolsin!» — dedi u.

«Yoshgina kelinning hayoti besh ming so‘mga baholanibdi. Bitta qo‘ng‘iroq navnihol qizning nomusiga tenglashtirilibdi. Bir og‘iz malomat ona va uning qizaloqlari hayot-mamotini hal qilibdi. Jamiyatimiz razolat va sukut uchun, „ayolning o‘zi aybdor“ degan qarash uchun juda og‘ir badal to‘layapti», — deya ta’kidladi Saida Mirziyoyeva.

Saida Mirziyoyeva ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikni haqqoniy tergov qilish masalasi birlamchi vazifalar qatorida bo‘lishi shartligini ta’kidladi.