Metro hozirda eng qulay, tezyurar va xavfsiz transport turidir. Biroq ushbu «xavfsiz» transportda yo‘l qo‘yiladigan kichik xatolik ham katta halokatlarga olib kelishi mumkin. Dunyoni larzaga keltirgan metrodagi 5 ta yirik avariyalar haqida qisqacha ma’lumotlar.

Parij (Fransiya)

1903 yil 10 avgustda metro mashinisti «Menilmontan» va «Kuronne» stansiyalari o‘rtasida bo‘sh poyezdni boshqarib ketayotgan bo‘lgan. Uning vagonlaridan birida yong‘in yuzaga keladi. U yerda odamlar yo‘q edi, lokomotiv muvaffaqiyatli ajratilib, halokatni chetlab o‘tish mumkin edi. Ammo tutun shu qadar kuchli ediki, keyingi poyezd haydovchisi yonayotgan vagonni ko‘rmay, unga katta tezlikda urilib ketgan.

Foto: livejournal.com

Odamlarning bir qismi bir zumda halok bo‘lgan. Ba’zilari ertasi kuni is gazidan zaharlanib asta-sekin vafot eta boshlagan, chunki olov manbaiga o‘tishning iloji yo‘q edi. Jabrlanganlarga yordam berish uchun o‘t o‘chiruvchilar tunnelni portlatishlariga to‘g‘ri kelgan. Biroq, juda kech bo‘lgan edi. Qutqaruvchilar yetib kelganida 84 kishi vafot etgan bo‘lgan.

Valensiya (Ispaniya)

2006 yil yozida Valensiya metrosida to‘rtta vagonli poyezd halokatga uchragan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, burilishga kirishda poyezd haydovchisi ruxsat etilgan tezlikni oshirib yuborgan va birinchi vagonning g‘ildiraklaridan biri yukga bardosh berolmay sinib ketgan.

Foto: elvalenciano.es

Voqea natijasida poyezd ag‘darilib ketgan. Fojea 41 kishining o‘limiga olib keldi, o‘nlab yo‘lovchilar jarohat olishdi.

Halokatning sababi sifatida tunnel devorining qulashi taxmini ham ko‘rib chiqilgan. Valensiya hukumati vakili ham, shahar meri ham hodisani «tasodifiy» deb atashgan. Biroq, kasaba uyushmasi rasmiylarni «shoshqaloqlik»da ayblab, mazkur metro liniyasi texnik jihatdan yomonlashib borayotgani tan olinmaganligini ta’kidlagan.

Boku (Ozarbayjon)

1995 yilda ro‘y bergan ushbu fojea dunyo metrolari tarixidagi eng katta avariyalardan biriga aylandi: 286 yo‘lovchi vafot etdi (ulardan 126 nafari ayol va 28 nafari bolalar). Bunga tig‘iz paytda vagonlardan birida dvigatelning yonishi sabab bo‘lgan. Ammo halokatning asosiy sababchisi eskirgan uskunalar emas, inson bo‘lganligi aytiladi.

Mashinist katta xatoga yo‘l qo‘ygan deyiladi. U poyezdni eng yaqin «Narimanov» bekatiga tortish o‘rniga, uni tunnelda to‘xtatib, voqea sodir bo‘lganligi to‘g‘risida xabar beradi va kontakt relsini o‘chirishni talab qiladi. Yo‘lovchilarda vahima boshlangan, vagonlar yonavergan. Odamlar tutun bilan to‘lib ketgan vagondan tunnelga chiqish uchun deraza va eshiklarni sindirganlar. Halok bo‘lganlarning aksariyati tiqilinchda havo yetishmasligidan va vagon charm qoplamasining yonishidan chiqayotgan zaharli tutundan bo‘g‘ilishgan. Tashqarida esa haqiqiy gaz kamerasi bo‘lgan va ko‘rish qobiliyati pastligi sababli qurbonlar yo‘nalishni topa olmaganlar. Ba’zilarni tunneldan chiqmoqchi bo‘lganida elektr toki urib o‘ldirgan. Uch nafar qutqaruvchi ham vafot etgan.

Foto: xeberlent.az

Yonish harorati shunchalik yuqori ediki, poyezd g‘ildiraklari relslarga payvandlanib qolgan. 400 ga yaqin odam evakuatsiya qilingan. Ularning 270 nafari jarohat olgan.

Moskva (Rossiya)

2014 yil 15 iyul kuni ertalab «Park Pobedы» va «Slavyanskiy Bulvar» bekatlari orasidagi hududda to‘satdan tormozlanish sababli uchta vagon relsdan chiqib ketgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, favqulodda vaziyat kuchlanishning birdan pasayishi va yolg‘on signal tufayli sodir bo‘lgan. Avariya natijasida 20 dan ortiq kishi halok bo‘ldi va 100 dan ortiq kishi kasalxonaga yotqizildi. Fojia yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Foto: ru.wikipedia.org

Tegu (Janubiy Koreya)

Tegu shahridagi metroda yong‘in 2003 yil 18 fevralda sodir bo‘lgan. Ushbu falokat metropoliten tarixidagi eng katta voqealardan biri hisoblanadi. Yong‘in natijasida 198 kishi halok bo‘lgan va 147 kishi jarohat olgan. Yong‘in 56 yoshli sobiq taksi haydovchisi, ruhiy kasal Kim Dexanning o‘t qo‘yishidan kelib chiqqan.

Foto:sohu.com