23 mart kuni Panama bayrog‘i ostidagi «Ever Given» konteyner kemasi 200 ming tonna sig‘imi bilan sayozga o‘tirib, Suvaysh kanali janubidagi transport harakatini butunlay to‘sib qo‘ydi. Sodir bo‘lgan joydan olingan fotosuratlarga ko‘ra, kema kanal bo‘ylab turib, ikki yo‘nalishda harakatlarni to‘xtatib qo‘yganini ko‘rish mumkin edi. Internetda «Ever Given» kemasi misrlik ayol kapitan Marva Elselexdar boshqaruvi paytida sayozga o‘tirgan degan mish-mishlar tarqalgan. Nima uchun aynan Marva Elselexdar bunday tanqidlarga uchradi va dengiz sohasida faoliyat yuritadigan ayollarga nisbatan munosabat qanday? Mazkur masalalarga oydinlik kiritgan «Meduza» maqolasining tarjimasini «Gazeta.uz» taqdim etadi.

Dengizga oshiqqan qiz

29 yoshli misrlik Marva Elselexdar dengizni bolaligidan sevardi. U Iskandariyadagi Arab fan, texnologiya va dengiz transporti akademiyasiga (AASTMT) o‘qishga kiradi. Marva xalqaro transport va logistika fakultetida tahsil olardi. Biroz vaqt o‘tgach, u akasi o‘qigan dengiz transporti va texnologiyasi fakultetiga ko‘proq qiziqishini angladi. Ammo u yerga faqat erkaklar qabul qilinar edi.

Foto: Instagram/ marwa.elselehdar

Marva baribir ushbu fakultetga o‘tish uchun ariza topshirdi. Uning arizasini ko‘rib chiqishdan oldin akademiya rahbari Misr qonunchiligi ayollarga kapitan litsenziyasini berishga ruxsat beradimi yoki yo‘qligini tekshirishni buyuradi. Masala o‘rganilib chiqilsa, ruxsat bor.

Marva fakultet imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirdi va u yerda tahsil oladigan 1200 erkak talabalar orasida birinchi ayol talaba bo‘ldi. O‘qishni 2013 yilda bitirib, Misr dengiz xavfsizligi boshqarmasiga tegishli bo‘lgan «Aida IV» kemasi kapitanining ikkinchi yordamchisi sifatida ishga kiradi. Kema harbiylar uchun oziq-ovqat mahsulotlarini Qizil dengizdagi mayoqqa yetkazib beradi.

2015 yilda Marva qo‘mondonlik shtabi a’zosi sifatida kengaytirilgan Suvaysh kanali bo‘ylab birinchi bo‘lib suzgan «Aida IV» kemasini boshqargan. U ushbu suvlarda kema boshqargan arab mamlakatlaridan birinchi ayol kapitan bo‘ldi.

«Suvaysh kanalining to‘sib qo‘yilishida — ayol kishi aybdor»

23 mart kuni «Ever Given» konteyner kemasi sayozga o‘tirib, Suvaysh kanali janubidagi transport harakatini butunlay to‘sib qo‘yganida, internetda kemani aynan Marva boshqarganligi haqida mish-mishlar tarqaldi. Biroq Marva hali ham «Aida IV» kemasida ishlaydi.

Marva haqidagi Arab News maqolasi skrinshoti internet bo‘ylab tarqaldi. Maqola haqiqiy edi, lekin uning sarlavhasi o‘zgartirilib, «Misrning birinchi ayol kapitani Suvaysh kanalining to‘sib qo‘yilishiga aloqador» deb aytilgan edi. Yosh ayol ushbu ma’lumotni Instagram va ommaviy axborot vositalarida rad qilishiga to‘g‘ri keldi.

«Men bu sohada muvaffaqiyatga erishgan ayol ekanim yoki misrlik bo‘lganim sababli bunday fikrlarga duchor bo‘lishim mumkin deb o‘yladim», — deydi u.

Marva dengiz sohasida faoliyat yuritadiganlar ichida ayollar atigi 2 foizni tashkil etishini va u o‘qish paytida ham, ish paytida ham diskriminatsiyaga duch kelganligini aytgan edi. Uning o‘zi potensial ish beruvchilardan aksariyati bortga ayollarni ishga olishni xohlamagani uchun rad javobini olgan. «Bizning jamiyatdagi odamlar ayollarning o‘z oilalaridan uzoq vaqt dengizda ishlay olishini hali ham qabul qilmaydilar», — deb qo‘shimcha qilgan u.

Marva Suvaysh kanalini uning kemasi to‘sib qo‘ygani haqidagi mish-mishlar uning reputatsiyasiga putur yetkazib, karerasiga ham zarar yetishidan qo‘rqqan.

Ammo salbiy sharhlar bilan birga unga nisbatan ko‘plab ijobiy mulohazalar ham bildirilgan. May oyida Marva kapitan unvonini to‘liq olish uchun so‘nggi imtihonini topshiradi.