5 aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Chirchiq shahar sudida Toshkent viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasining sobiq bosh shifokori, Toshkent viloyati bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldoshevaga va boshqalarga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar qildi.

Guljahon Yo‘ldosheva Jinoyat kodeksining 25,167-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan reabilitatsiya qilinib, Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 2-qismi «a», «b», «v», «g» bandlari, 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) 3-qismi «a» bandi va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi.

Unga 3 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilib, 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Jinoyat kodeksining 62-moddasiga asosan, Guljahon Yo‘ldosheva 2020 yil 8 sentabrda ushlanib, sud hukmi chiqarilgan kun, ya’ni 2021 yil 5 aprelga qadar unga nisbatan qamoqqa olish va uy qamog‘i ehtiyot choralari qo‘llanilganini inobatga olib, tayinlangan ozodlikni cheklash jazosi muddatidan 6 oy 27 kunni chiqarib, o‘tash uchun unga 3 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatiladigan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilib, 3 yil 5 oy 3 kun muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Guljahon Yo‘ldoshevaga sutkaning soat 22:00 dan 6:00 gacha bo‘lgan vaqtida yashash joyidan chiqishi cheklandi. Shuningdek, uning zimmasiga mahkumlarni nazorat qiluvchi organlar roziligisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik hamda yashash joyidan tashqariga chiqmaslik kabi qo‘shimcha cheklashlar o‘rnatildi. Jazoni ijro etish Chirchiq shahar ichki ishlar organlari probatsiya guruhi tomonidan amalga oshiriladi.

Hukm o‘qib eshittirilgandan 20 kun o‘tib kuchga kiradi. Unga qadar tomonlar apellyatsiya berish huquqiga ega.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyat viloyat bosh infeksionisti 8 sentabr kuni Chirchiq shahridagi go‘zallik salonida ushlangan va bir kun o‘tgach, sud qarori bilan hibsga olingan edi. U sudlanuvchi sifatida 167-moddaning 3-qismining «a» bandi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish juda ko‘p miqdorda) va 207-moddaning 3-qismining «a» bandi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash odam o‘lishiga sabab bo‘lsa) bilan ayblanuvchi sifatida jinoiy ishga jalb qilingan.

Uning advokati Xushnud Ahrorov «Gazeta.uz»ga Yo‘ldosheva marhum Farrux Rustamovning o‘limiga aloqasi yo‘qligini aytgan edi.