O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati organlari 2020 yilda to‘rtta teraktning oldini oldi, deb xabar berdi O‘zA DXX matbuot xizmatiga tayanib. Ularning ikkitasi O‘zbekistonda, ikkitasi MDH mamlakatlarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan edi, deyiladi xabarda.

DXX ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili 67 ta yashirin guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Bundan tashqari, ekstremizm va terrorizmga aloqadorlikda ayblanib, xorijda yashirinib yurgan 98 nafar O‘zbekiston fuqarosi mamlakatga olib kelindi hamda javobgarlikka tortildi.

747 kg dan ortiq giyohvand moddalar, 251 ming dona psixotrop tabletkalar, 594 dona qurol, 4781 dona o‘q-dori va 24,4 kg portlovchi moddalar noqonuniy muomaladan olindi, ta’kidlandi xabarda.

DXX xabariga ko‘ra, shuningdek, 540 dan ortiq korrupsiya bilan bog‘liq holatlarga chek qo‘yildi. Byudjet va kredit mablag‘larining talon-toroj qilinishi hamda maqsadsiz ishlatilishi bilan bog‘liq holatlar aniqlanib, 557 mlrd so‘m davlat foydasiga undirildi.

Noqonuniy migratsiya va odam savdosiga aloqador 102 ta jinoiy guruh fosh etilgan. Davlat chegarasidan noqonuniy olib o‘tilgan 58,3 mlrd so‘mlik tovar-moddiy boyliklar qo‘lga olingan.

Avvalroq, 2018−2019 yillarda Davlat xavfsizlik xizmati xorijiy maxsus xizmatlar bilan birgalikda to‘qqizta teraktning oldini olgani, ulardan ikkitasi O‘zbekiston hududida bo‘lganligi haqida xabar berilgan edi.

5 aprel kuni O‘zbekistonda Davlat xavfsizlik xizmati kuni nishonlanadi. 2018 yil shu kuni prezident Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston Respublikasining Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida"gi qonunni imzolagan edi.