3 aprel kuni prezident davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining shtat birliklari sonini qisqartirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Qaror nusxasi «Gazeta.uz» da mavjud.

Qarorga muvofiq, 2021 yil 1 maydan davlat organlari xodimlarining soni 15 foizgacha maqbullashtiriladi.

Natijada, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda ularning idoraviy va hududiy bo‘linmalarida jami 5288 ta shtat qisqariladi.

Shuningdek, vazirlik va idoralarning 40 nafar rahbar o‘rinbosarlari lavozimlari ham qisqartiriladi.

Rahbar o‘rinbosarlari lavozimi soni 3 va undan ortiq bo‘lganda rahbarning birinchi o‘rinbosari lavozimi kiritilishi mumkin.

Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sherikchiligi agentligi direktori — moliya vaziri o‘rinbosari lavozimidagi «moliya vaziri o‘rinbosari» maqomi chiqarib tashlanadi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining kasb-hunar ta’limi bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi qisqartiriladi.

Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi boshlig‘i — qurilish vaziri o‘rinbosari lavozimidagi «qurilish vaziri o‘rinbosari» maqomi chiqarib tashlanadi.

Transport vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimi qisqartiriladi. Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi — transport vaziri o‘rinbosari lavozimidagi «transport vaziri o‘rinbosari» maqomi chiqarib tashlanadi.

2021 yil 1 sentyabrgacha xodimlarning eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlariga (KPI) erishilganligi natijalarini baholash uchun maxsus dastur ishlab chiqilib davlat organlarida bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Oldinroq, prezidentning ushbu qarori bilan Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tugatilishi haqida xabar bergan edik.