Sergeli tumani hokimi Elbek Shukurov Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida tuman hokimlarining oylik maoshi miqdorini ma’lum qildi.

«Hokim „premiya“ bilan 5 mlndan 6 mln so‘mgacha oladi. Ish haqi miqdori bir xil, lekin tumanlar hokimlari o‘z xodimlariga o‘zlari bajargan byudjetiga qarab rag‘bat pullarini belgilash huquqiga ega», — dedi u.

«Ma’lum bir mablag‘ bo‘ladi, agar siz bu byudjetni amalga oshirsangiz hisobingizda qanchadir miqdorda mablag‘ paydo bo‘ladi. Ulardan ma’lum miqdorini ehtiyojlarga yo‘naltira olasiz, ya’ni o‘zingiz uni taqsimlashingiz mumkin», — tushuntirdi Elbek Shukurov.

Hokimning so‘zlariga ko‘ra, u o‘ziga boshqa xodimlar bilan bir xil «premiya» puli ajratadi.

«Agar o‘zimga rag‘bat pulini yozmasam, «unga ish haqi kerak emas, kimdir unga [pul] olib kirib beradi» deb o‘ylashi aniq. Ko‘proq yozish — adolatdan emas. Chunki ular mendan kam ishlashmasliklarini ko‘raman. Shuning uchun o‘rtacha «premiya» yoziladi. Qaysidir xodimlarimning «premiya"si menikidan ham ko‘p bo‘ladi. Men o‘zim belgilayman. Ularning orasida haqiqatda ko‘proq ishlab, o‘zini ko‘rsatganlar bo‘ladi», — deya ta’kidladi Sergeli tumani hokimi.