O‘tgan yilning 29 oktyabrida sharqshunos va turkshunos olim Andrey Kubatin 36 yoshida koronavirus asoratlari sababli vafot etgan edi. Uning opasi Klara Saxarova ukasi bo‘lgan 2-sonli Zangiota tibbiyot yuqumli kasalliklar shifoxonasi xodimlarining harakatlariga huquqiy baho berilishini so‘ragan edi.

Bosh prokuratura ushbu fakt bo‘yicha Toshkent viloyati Zangiota tumani prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijalari to‘g‘risida xabar berdi.

2021 yil 28 yanvar kuni Respublika sud tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Toshkent viloyati filiali sud-tibbiyot ekspertizasida komission sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan edi. 16-sonli xulosasiga ko‘ra, Andrey Kubatin, «COVID-19 infeksiyasi, og‘ir kechishi, asorati ikki tomonlama shifoxonadan tashqari interstitsial polisegmentar pnevmoniya, nafas yetishmovchiligi III-daraja, endogen intoksikatsiya, o‘pka shishi, o‘pka yurak qon tomiri yetishmovchiligi 3-darajasi, hamroh gipertoniya kasalligi, semizlik 1−2-darajasi, shuningdek, poliorgan yetishmovchilik tufayli vujudga kelgan o‘tkir o‘pka-yurak yetishmovchiligi» dan vafot etgan.

Xabarga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi xulosasida, bemor A.Kubatinga nisbatan tashxis to‘g‘ri qo‘yilganligi ko‘rsatilgan.

Xizmat tekshiruvi hamda ekspertiza xulosalarida, marhum Andrey Kubatinning tekshiruv va davo muolajalari Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 20 sentyabrdagi 8-son «Koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni profilaktika, diagnostika, davolash va reabilitatsiyasi buyicha vaktinchalik milliy metodik tavsiyasi» ga asosan to‘g‘ri va asosli o‘tkazilganligi qayd etilgan.

Shu munosabat bilan tergovga qadar tekshiruv natijasiga ko‘ra, tuman prokuraturasi tomonidan 2021 yil 28 yanvar kuni jinoyat ishini ko‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan.

Andrey Kubatin 2017 yilda olim Jinoyat kodeksining 157-moddasi (davlatga xiyonat qilish) bilan ayblanib, besh yilga (apellyatsiyagacha — 11 yilgacha) ozodlikdan mahrum qilingan edi.Ayblovga ko‘ra, u chet el olimiga noyob kitoblarning skaner qilingan nusxalarini bergan. Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari bu ishni uydirma deb atashdi. 2019 yil sentyabr oyida olim Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudining qarori bilan reabilitatsiya qilindi.

Kubatin Toshkent davlat sharqshunoslik institutida Xitoy tarixi kafedrasida ishlagan. U Markaziy Osiyoning o‘rta asrlar tarixi, turkiy xalqlar tarixi sohasida tadqiqotlar olib borgan, shuningdek, Eron xalqlari tarixi — eronshunoslik, so‘g‘dshunoslik fanlarini o‘rgangan. «Fergana» bilan suhbatda olim o‘zining asosiy monografiyasi deb «Turk xoqonligida unvonlar tizimi: ibtido va vorislik»ni atadi.

Hali hayotligida u O‘zbekiston harbiy sudiga 560 million so‘m miqdorida moddiy zararni qoplash to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilgan. 10 dekabr kuni Andrey Kubatinning opasi Klara Saxarova pochta orqali sud qarorini olgan, unga ko‘ra tovon puli 462 ming so‘mni tashkil etadi, shundan 446 ming so‘m davlat boji to‘lovi uchun, 16 ming so‘m pochta xizmati uchun saqlab qolingan edi.

Klara Saxarova sud qarori ustidan apellyatsiya berib, yetkazilgan ma’naviy zarar uchun 3,5 mlrd so‘m mablag‘ undirish so‘ragan edi.

«Gazeta.uz»ga bergan intervyusida Klara Saxarova Andrey Kubatinning ushlanishi va qamoqqa olinishi, qiynoqlar, Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanishi va jinoiy ishning unga va uning qarindoshlariga keltirgan oqibatlari haqida gapirib bergan edi.