Avvalroq, Namangan viloyati xalq deputatlari kengashi yig‘ilishida Shavkat Mirziyoyev viloyat IIB yoshlar yetakchisi, 31 yoshli Dostonbek Abduqahhorovni Namangan shahar hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlashni taklif qilgan edi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bergan edi.

Namangan shahar hokimining qarori bilan Dostonbek Ma’rufjon o‘g‘li Abduqahhorov Namangan shahar hokimining o‘rinbosari — shahar Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i etib tayinlandi, deb yozmoqda O‘zA.

Abduqahhorov 1990 yil 12 avgust kuni Kosonsoy tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 2014 yili Namangan davlat universitetini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 2015 yilda IIV tizimida patrul-post xizmati militsioneri sifatida boshlagan. 2018−2019 yillarda viloyat IIB tashkiliy boshqarmasi murojaatlar bilan ishlash bo‘limi katta inspektori vazifasida faoliyat yuritgan.

Dostonbek Abduqahhorov 2019 yilning avgustidan hozirga qadar Namangan viloyati IIB kadrlar boshqarmasi ma’naviy-tarbiyaviy ishlar va ijtimoiy himoya bo‘limi yoshlar bilan ishlash guruhi katta inspektori sifatida ishlab kelayotgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Namangan viloyatiga tashrif chog‘ida prezident Dostonbek Abduqahhorovga Namanganni yangi tajribasi bo‘yicha ishlashini aytib, mahallabay ishlash bo‘yicha ishlarni jadallashtirishga oid topshiriqlar bergan edi. So‘ng, ushbu vazifani uddalay olish yoki olmasligini undan so‘ragandi.

Abduqahhorov esa prezidentning ishonchini oqlashini aytib, mazkur vazifalarni bajarishda bor kuch g‘ayratini ayamasligini ma’lum qilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z o‘rnida, xuddi shunday yoshlarni tarbiya qilayotgani uchun viloyat ichki ishlar boshqarmasi rahbariyatiga minnatdorchiligini bildirdi.