Yil oxiriga qadar Toshkentda «aqlli» gaz hisoblagichlarni o‘rnatish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Toshkent shahrida gaz iste’molchilari jami 629 ming 427 ta bo‘lib, shulardan 448 073 tasini ko‘p qavatli, 181 ming 354 tasini yerli aholi xonadonlari tashkil etadi.

Ushbu hisoblagichlarni o‘rnatish aholi uchun bepul hisoblanadi va tashkilot tomonidan 5 yillik bepul servis xizmati ham kafolatlanadi, deyiladi xabarda.

Tabiiy gaz iste’molchilari uchun «Call-markaz» (55) 503−28−28 ishga tushgani e’lon qilindi. Shu bilan birga, sohadagi qonunbuzarlik va korrupsiya holatlari bo‘yicha (55) 503−90−17 «ishonch telefoni» yo‘lga qo‘yilgan.

Avvalroq prezidentning sentyabrdagi qarori bilan O‘zbekistonning barcha hududlarida tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etishni 2021 yil 1 avgustga qadar yakuniga yetkazish topshirilgani haqida xabar qilgan edik.

Yangi hisoblagichlarni 2020 yil 1 oktyabrga qadar tizimni Toshkent viloyatining Qibray, Zangiota va Toshkent tumanlarida «Hududgazta’minot» mablag‘lari evaziga o‘rnatish belgilangan edi. 2021 yil 1 fevralga qadar esa O‘rta Chirchiq, Chinoz, Yuqori Chirchiq, Yangiyo‘l va Karmana tumanlari hamda Toshkent, Andijon, Buxoro, Guliston, Jizzax, Namangan, Nukus, Samarqand, Termiz, Urganch, Qarshi, Kattaqo‘rg‘on, Qo‘qon, Marg‘ilon shaharlarida va boshqa qarzdorlik darajasi baland bo‘lgan hududlarda tizim o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan edi.