10−15 mart kunlari Los-Andjelesda VI Xalqaro Osiyo kinofestivali (Asian world film festival) bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi O‘zbekkino matbuot xizmati.

Festivalda O‘zbekkino buyurtmasiga binoan Fox music cinema studiyasi tomonidan suratga olingan «Faridaning ikki ming qo‘shig‘i» filmi The snow leopard award mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Ssenariy muallifi va rejissyor Yolqin To‘ychiyev, tasvirga olish rejissyori Bahodir Yo‘ldoshev, ssenariy muallifi Bektosh Rajabov, direktor Shavkat Rizayev. Aktyorlar tarkibida Bahrom Matchonov, Yulduz Rajabova, Elmira Rahimjonova, Marjona Uljayeva, Sanobar Haknazarova, Nodira Xojiquliyeva va boshqalar ishtirok etishdi.

2014 yildan buyon Los-Anjelesda o‘tkazib kelinayotgan ushbu xalqaro kinofestivalda Osiyo mintaqasining 50 mamlakatidan turli janrdagi filmlar saralab olinadi. Mazkur kinofestival Osiyo va Gollivud kino sanoati o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

24.kg ma’lumotlariga ko‘ra, eng yaxshi film uchun «Oltin qoplon» «Zindagi tamasha» (rejissyor Sarmad Sultan Xusat, Pokiston, 2019) kinokartinasiga topshirildi. «Xushvaqt kunlar» filmi (rejissyor Derek Sang, Gonkong, 2019) hakamlarning maxsus mukofotiga loyiq ko‘rildi.

Eng yaxshi ayollar roli mukofotiga «Xushvaqt kunlar» filmining bosh qahramoni ijrochisi Dongyou Zhou munosib deb topildi. Eng yaxshi erkak rol uchun «Oltin qoplon» «Zindagi tamasha» aktyori Arif Hasanga topshirildi.

Hakamlar hay’ati «Haqiqiy onalar» (Yaponiya, 2020) filmidagi ayollar ansambliga eksklyuzivligi uchun mukofot berishga qaror qildi.

Eslatib o‘tamiz, «Faridaning ikki ming qo‘shig‘i» filmi 2020 yilning noyabrida «Moskva premerasi» xalqaro kinofestivalida gran-pri sovrinini qo‘lga kiritgan edi. Avvalroq esa ushbu kartina nufuzli «Oskar» filmiga tavsiya etilgani, biroq film belgilangan vaqtda taqdim etilmagani sababli ishtirokchilar ro‘yxatidan chiqarilgani xabar qilindi. Shunday bo‘lsada, kartina «Oskar»da ishtirok etish imkoniyatini saqlab qolmoqda.