13 mart kuni Samarqand viloyatida fuqaro O.T. tanishining uyiga o‘g‘rilikka tushib, uy egasining ikki nafar farzandini o‘ldirib, jasadlarini yoqib yubordi. Bu haqda Samarqand viloyat prokuraturasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu hodisa Payariq tumani A.Navoiy mahallasi sodir bo‘lgan. Gumondor shu mahallada yashovchi tanishi M.T.ning uyiga yashirin ravishda kirib, xonadonda hech kim yo‘qligidan foydalanib, pul va qimmatli buyumlarni qidirgan.

Bu vaqtda xonadon egasining 2007 yil va 2013 yilda tug‘ilgan farzandlari maktabdan qaytadi va uning sodir etayotgan jinoyatiga guvoh bo‘lib qolishadi. Fuqaro O.T. esa o‘z jinoyatini yashirish va voyaga yetmaganlarni qasddan o‘ldirish maqsadida turli bahonalar bilan aldab, o‘zining yashash xonadoniga olib ketadi.

Yashash hovlisi o‘rtasida, o‘sha yerda turgan yer ag‘darish uchun mo‘ljallangan belkurak bilan dastlab voyaga yetmagan A.T.ning bosh va bo‘yin qismiga zarba bergan. Ukasiga yordamga kelgan S.T.ni ham ushbu belkurak bilan bosh va bo‘yin qismiga urib, tan jarohati yetkazib ularni qasddan o‘ldirgan, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, gumondor O.T. ushbu qotillikni yashirish maqsadida o‘z hovlisida 50 sm. chuqurlik qazib, voyaga yetmaganlarning jasadini g‘o‘zapoya va yog‘och taxtalar yordamida yoqib yuboradi. Murda qoldiqlarini esa ko‘mib qo‘ygan.

Ushbu holat yuzasidan joriy yil 14 mart kuni Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «a, v, j, o» bandlari (ikki yoki undan ortiq shaxsni o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda O.T. himoya huquqi bilan ta’minlangan holda JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan. Bu haqda gumonlanuvchining yaqin qarindoshiga xabar qilingan.

Jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Jarayon esa Samarqand viloyati prokurori tomonidan nazoratga olingan.