Tor doirada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston rahbari qirg‘izistonlik hamkasbini prezident etib saylangani bilan yana bir bor tabrikladi. Sadir Japarov esa ko‘rsatilayotgan iliq mehmondo‘stlik va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Shavkat Mirziyoyevni Qirg‘izistonga taklif qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holati yuqori baholandi. Barcha sohalardagi hamkorlikni izchil kengaytirish uchun oliy va yuqori darajadagi siyosiy muloqotni muntazam davom ettirishga kelishib olindi.

2017 yil 5 sentyabrdagi O‘zbekiston — Qirg‘iziston davlat chegarasi to‘g‘risida shartnoma bo‘yicha chegaraning qolgan qismlarini ham delimitatsiya qilish maqsadida Hukumatlararo komissiyaga tegishli ko‘rsatma berildi.

Muloqotda ko‘plab masalalar bo‘yicha tomonlarning pozitsiyasi bir xil ekani namoyon bo‘ldi, deyiladi xabarda.

Har ikki davlat yetakchilari ushbu formatdagi uchinchi uchrashuvni 2021 yilda o‘tkazish muhimligini qayd etdi.