2021/2022 o‘quv yili uchun Prezident maktablariga jami 1632 nafar o‘quvchini qabul qilish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi xabar bermoqda.

Pandemiya sabab 2020/2021 o‘quv yili uchun Toshkent, Namangan, Nukus va Xiva shaharlarida joylashgan Prezident maktablariga o‘quvchilar qabuli qoldirilgan edi.

Navbatdagi 2021/2022 o‘quv yilida esa ushbu maktablarning 5−6 sinflariga 24 nafardan o‘quvchilar qabul qilinadi.


Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan Prezident maktablariga respublika umumta’lim muassasalarining to‘rtinchi (birinchi o‘quv yilida — to‘rtinchi — to‘qqiz) sinf bitiruvchilari orasidan qobiliyatli va iqtidorli baholar tabeli asosida tegishli STEAM fanlari:

  • matematika;
  • biologiya (tabiatshunoslik);
  • informatika va axborot texnologiyalari;
  • fizika;
  • algebra;
  • geometriya;
  • kimyo bo‘yicha a’lo bahoga tugatgan o‘quvchilar tanlov asosida qabul qilinadi.

O‘zbekiston prezident Shavkat Mirziyoyev 29 dekabrda parlamentga yo‘llagan murojaatnomasida 2021 yilda jami 10 ta Prezident maktabi bunyod etilishini ta’kidlangan edi.

Avvalroq, Andijon viloyatidagi Prezident maktabi shahar hokimiyati va «Andijonnoma» tahririyati o‘rnida qurilishi aytilgan edi.