Hukumatning tegishli farmoyishiga binoan, “Navro‘z” umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish, shuningdek mahallalar, aholi turar joylarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish maqsadida 2021-yil 13-mart kuni O‘zbekistonning barcha hududlarida “Obod va ko‘rkam mahallam” obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish umumxalq xayriya hasharini o‘tkazish belgilandi.

Uni o‘tkazish bo‘yicha bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov rahbarligida ishchi guruh tarkibi tasdiqlandi.

Xayriya hasharini o‘tkazishda mahallalar, aholi punktlari, ko‘p qavatli binolar va hovlilar atrofi, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgohlar, qabristonlarni hamda bolalar maydonchalarini tartibga keltiriladi.

“Mahallamga 30 tup daraxt mening tuhfam” shiori ostida barcha turar joy mavzelari va mahallalarda gul ko‘chatlari, mevali va manzarali daraxtlar ekish, daraxtlarni oqlash va butash ishlari amalga oshiriladi.

Umumxalq hashari doirasida bo‘lmagan boshqa turdagi jamoat ishlari, jumladan, qurilish-ta'mirlash va qishloq xo‘jaligi ishlariga majburiy jalb etishga qat’iy yo‘l qo‘yilmaydi.

Avtomobil yo‘llari, harakatlanish tig‘iz bo‘lgan ko‘chalar, suv ob’ektlari, qirg‘oqbo‘yi hududlar va zonalar, qurilish maydonlari, bino va inshootlar tomlari, xavfli ishlab chiqarish ob’ektlari, shuningdek, insonlarning hayoti yoki sog‘lig‘iga xavf tug‘ilishi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan boshqa joylarda ixtiyoriy tashabbus bilan hasharlar va boshqa ishlarni o‘tkazish taqiqlangani qatiy nazoratga olinadi.

Ushbu targ‘ibot-tashviqot tadbirlarida joylarda ish beruvchilar tomonidan hasharda ko‘zda tutilgan ishlar uchun ishchilarni majburiy tarzda jalb etishga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi, aks holatda mutasaddilarga nisbatan jazo choralarini qo‘llanadi.