Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 11−12 mart kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ladi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Muzokaralarda ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalarining barcha yo‘nalishlarini ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.

Uchrashuvning kun tartibidan konstruktiv siyosiy muloqotni davom ettirish, savdo, sanoat, transport, energetika, qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish, parlamentlararo va hududlararo aloqalarni faollashtirish, madaniyat, sog‘liqni saqlash, ta’lim va turizm borasidagi qo‘shma dasturlarni amalga oshirishning dolzarb jihatlari o‘rin olgan.

Davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonoti qabul qilinishi, shuningdek, ikki tomonlama munosabatlarning turli yo‘nalishlariga aloqador qator hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.