Surxondaryo viloyatining Denov tumanida istiqomat qiluvchi 1982 yilda tug‘ilgan G. T. va uning kichik ukasi D.T. sobiq turmush o‘rtog‘i hamda qaynonasini o‘ldirish maqsadida qotil yolladi.

Opa-uka jazoni o‘tash koloniyasidan qaytgan fuqaro D.ga ularni o‘ldirib, isboti sifatida videoga tushirishi evaziga 3 mln so‘m taklif qilgan, deya xabar bermoqda mahalliy telekanallardan biri.

«To‘satdan menga qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Unda opa-ukalar menga yaxshi ish bor deb taklif bildirishdi. Qiziqib ko‘rganimdan keyin esa ular o‘z ukasining ayoli va uning onasini o‘ldirish kerakligini aytishdi. Va buning evaziga pul ham berishini aytishdi. Shunda men yomon vaziyatga tushib qoldim. Nahotki, odam „sudlangan“ degan tamg‘a bilan umrini oxirigacha yashasa. Shunda men ichki ishlar organlari xodimlariga ma’lum qildim. Menga jinoyatni sahnalashtirgan holda davom ettirishni taklif qilishdi. Bunga rozi bo‘ldim. Men ularni o‘ldirib, so‘ngra videoga olishim kerak edi», — dedi qotillikka yollangan shaxs.

Bu bo‘yicha Surxondaryo viloyati prokuraturasi va ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

«Fuqaro D.T va G. T.lar sobiq turmush o‘rtog‘i T.A. va uning onasi B.A.larni o‘ldirilgani haqidagi xabarni eshitganidan so‘ng, va’da qilingan 3 mln so‘mdan 2,5 mln so‘mini fuqaro D.ga bergan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan», — dedi viloyat prokurorining katta yordamchisi Alisher Bobomurodov.

T.A.ning aytishicha, avvaliga oila hech qanaqa kelishmovchiliksiz yaxshi yashagan. Keyinchalik, qaynopa kelishi bilan ularning tinchligiga dars ketgan.

«Qaynota va qaynonam men bilan qarshi bo‘lib qolgani uchun ota-onamni uyiga kelib yashashga majbur bo‘ldim. 13 yanvar kuni MIBga borsam, opasi bilan u yerga kelgan ekan. Urushib, janjal qilib, shaxsiyatimga tegadigan gaplar qildi. „Ukam qamalib ketsa, seni o‘ldiraman“ [qaynopa — tahr.] degan edi. Endi 7−8 yil yashab, ham qarindoshligi bo‘lib turgan odamingizdan ertaga kelib, sizni o‘ldirishini kutmas ekansiz. Ichki ishlar xodimlari bo‘lmaganda, hozir bolalarim, nogiron ukam yetim bo‘lib qolishar edi», — dedi D.T.ning sobiq xotini.

Mazkur holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov vaqtida fuqaro G. T. va D.T.ga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.