Davlat xizmatlari agentligi yanvar oyida Toshkent shahrida joylashgan tug‘ruqxonalar tomonidan tibbiy ma’lumotlarini axborot tizimiga kiritish va FHDYO bo‘limlariga yuborish holati o‘rganildi.

Agentlik matbuot xizmati xabariga ko‘ra, buning natijasida jami tug‘ilganlik haqidagi 703 ta hamda perinatal o‘lim bo‘yicha 3 ta ma’lumotnoma tizimga kiritilmagani aniqlangan. Qolaversa, tug‘ilganlik haqidagi 888 ta ma’lumot belgilangan muddatdan kechikib kiritilgani qayd etildi.

«Buning oqibatida, aniqlangan holatlar yuzasidan 14 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy jarima jazo chorasi qo‘llanildi», — deyiladi xabarda.

Hukumatning 2020 yil 10 noyabrdagi qaroriga asosan 1 yanvardan Toshkent va Nukus shahrida tug‘ilganlikni qayd etish, yashash manzili bo‘yicha doimiy ro‘yxatga qo‘yish, bir martalik mukofot pulini ajratish, poliklinikaga joylashtirish va bog‘chaga navbatga qo‘yish to‘liq avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshirilishi belgilangan.

Mazkur xizmatlar keyinchalik, 2021 yil 1 fevraldan boshlab barcha viloyatlar markazlarida, 2021 yil 1 sentyabrdan esa butun respublika hududida ko‘rsatilishi ko‘zda tutilgan.

Qaror bilan tasdiqlangan ma’muriy reglamentga muvofiq, tibbiyot muassasasi xodimi bola tug‘ilgandan so‘ng 1 kun ichida bola va ota-onasi haqidagi ma’lumotlarni axborot tizimiga kiritishi hamda ma’lumotlarni avtomatik tarzda «FHDYO yagona elektron arxivi» axborot tizimiga yuborishi va QR-kod qo‘yilgan blankda ma’lumotnoma shakllantirilishi lozim.

Davlat xizmatlari agentligiga esa ushbu jarayonlarni nazorat qilish vazifasi yuklatilgan edi.

Ayni shu maqsadda agentlik xodimlari yanvar oyida Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy markazi, Toshkent shahar perinatal markazi, 4-son va 5-son shahar klinik shifoxonalarining tug‘ruq bo‘limlari hamda 9 ta shahar tug‘ruq komplekslarining tibbiy ma’lumotlarni axborot tizimiga kiritish va FHDYO bo‘limlariga yuborish holatini o‘rgandi.

«Yanvar oyi davomida tug‘ilganlik haqidagi 390 ta, perinatal o‘lim haqidagi 3 ta ma’lumotlar axborot tizimiga kiritilmagan bo‘lsa, tug‘ilganlik haqidagi 888 ta ma’lumotlar belgilangan muddatdan kechiktirilib kiritilgan. Misol uchun, Toshkent shahar 8-son tug‘ruq kompleksi tomonidan 2021 yil 9 yanvarda tug‘ilgan fuqaro L.S.ning bolasi haqidagi ma’lumot 11 kundan keyin, ya’ni 21 yanvarda FHDYO bo‘limiga yuborilgan», — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, muassasalar muddat o‘tib ketgan bo‘lsada, ayrim tibbiy ma’lumotlarni axborot tizimiga kiritmagani aniqlangan.

«Toshkent shahar 3-son tug‘ruq kompleksi tomonidan tug‘ilishi qayd etilgan 313 nafar bolaning tibbiy ma’lumotlari axborot tizimiga kiritilmagan va FHDYO bo‘limiga yuborilmagan», deya qayd etilgan o‘rganish natijalarida.

DXAning ta’kidlashicha, bu kabi holatlar «kompleks xizmatlarni ko‘rsatish sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda».

Ma’lumot o‘rnida, prezidentning 2018 yil 12 iyundagi «Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi [PQ-3785-son] qaroriga asosan 2019 yildan boshlab tibbiyot muassasalari va FHDYO organlari o‘rtasida tug‘ilish va o‘lim haqida elektron ma’lumot almashish tizimi joriy etilgan edi. Hukumatning 2020 yil 10 noyabrdagi qaroriga asosan esa bosqichma-bosqich tug‘ruqxonalar ma’lumotlarni avtomatik tarzda «FHDYO yagona elektron arxivi» axborot tizimiga yuborishi belgilangandi.