Germaniya hamkorligida «Orolbo‘yida ekologik yo‘naltirilgan mintaqaviy taraqqiyot» loyihasi amalga oshiriladi. Bu borada 26 fevral kuni O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) loyihalar menejeri Paul Shumaxer o‘rtasida bitim imzolandi.

Hujjat Orolbo‘yi hududini barqaror transchegaraviy ekologik hamda iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga erishishda O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlariga ko‘mak ko‘rsatishga qaratilgan.

Jamshid Xodjayev va Paul Shumaxer. Foto: Qishloq xo‘jaligi vazirligi.

Ekologik va ijtimoiy jihatlarga salbiy ta’sirlarni minimallashtirishni hisobga olgan holda iqtisodiy rivojlanishga kompleks yondashuvni ko‘zda tutuvchi loyiha 4 yilga mo‘ljallangan. Uning byudjeti 8 millon yevroni tashkil etadi.

«Orolbo‘yi hududida ekologik yo‘naltirilgan mintaqaviy rivojlanish biz uchun juda muhimdir. Yangi loyihaning asosiy tarkibiy qismlari: konsalting xizmatlarini ko‘rsatish, raqamlashtirish, geoaxborot tizimi, masofaviy zondlash, transchegaraviy hamkorlik va boshqalardan iborat. Shu qatorda biz qozog‘istonliq qo‘shnilarimiz bilan ma’lumot almashish uchun ochiqmiz», — dedi Jamshid Xodjayev.