Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining xabar berishicha, AT «Xalq banki» Chilonzor filialining xizmat ko‘rsatish qurilmalari bilan ishlash bo‘yicha bosh mutaxassisi J.M. va boshqalar oldindan til biriktirib, filialning tumandagi 18 ta bankomatlaridan 7 oy davomida jami 2,3 mlrd so‘m naqd pulni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan J.M. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi (aybdorga ishonib topshirilgan yoki uning ixtiyorida bo‘lgan o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.