Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga maktub yo‘lladi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, unda Turkmaniston poytaxtida «Toshkent» bog‘ini bunyod etish rejalashtirilayotgani bayon qilingan.

«Ayni vaqtda Sizga shuni ham ma’lum qilmoqchimanki, kuni kecha Ashxobod markazida O‘zbekiston poytaxti sharafiga zamonaviy „Toshkent“ madaniyat va istirohat bog‘ini loyihalashtirish va qurish uchun tender e’lon qilindi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston kompaniyalarini ushbu tenderda ishtirok etishga taklif qilaman», — deyiladi Turkmaniston prezidenti maktubida.

Bundan tashqari, shu kunlarda 2020 yilgi eng namunali ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy ko‘rsatkichlar bo‘yicha Turkmaniston tumanlari o‘rtasida tanlov o‘tkazilgani ma’lum qilingan.

«Ushbu tanlovda Toshhovuz viloyatining S.A.Niyozov tumani g‘olib bo‘lib, 1 million AQSH dollari miqdorida mukofotga sazovor bo‘ldi. Ushbu tuman aholisining 99 foizini o‘zbeklar tashkil etishini ta’kidlash menga mamnuniyat bag‘ishlaydi», — deydi turkmanboshi.

Qolaversa, maktubda O‘zbekistonning 2021 yil 15−16 iyul kunlari Toshkent shahrida «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdid va imkoniyatlar» mavzusidagi xalqaro konferensiyani o‘tkazish tashabbusini olqishlashi va to‘liq qo‘llab-quvvatlashi qayd etilgan. Unda ishtirok etish uchun rasmiy delegatsiya yuborilishi aytilgan.

Maktub yakunida, «hurmatli Shavkat Miromonovich, Sizga mustahkam sog‘liq, ko‘p qirrali davlatchilik faoliyatingizga katta muvaffaqiyatlar, qardosh O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik, farovonlik va ravnaq tilayman», deyilgan.

Avvalroq, 17 fevral kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashgan edi. Muloqot chog‘ida turkmanboshi «Toshkent» nomli istirohat bog‘i qurilishi reja qilinayotganini e’lon qilgandi.