23-fevral kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida DTM direktori o‘rinbosari Sardor Rajabov 2021-yilda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirishda qaysi fanlardan imtihon olinishi tez orada e’lon qilinishini ma’lum qildi.

“Hozirda Davlat test markazi va tegishli vazirliklar bilan birgalikda fanlar majmuasi ishlab chiqilgan. Markazning asosiy vazifasi umumlashtirish hisoblanadi. Ya’ni vazirliklar beradigan takliflarga binoan ish tutadi. Bu mutaxassislar tomonidan o‘rganilmoqda va tez kunda e’lon qilinadi. Avvalgi yil bilan solishtiradigan bo‘lsak, juda katta farq bo‘lmaydi”, — deya ta’kidladi Rajabov.

Sardor Rajabov (markazda) Foto: AOKA.

Davletovuz Telegram kanali muallifi, jurnalist Qobil Xidirov o‘zining Twitter`dagi sahifasida: “Birato‘la iyulda e’lon qila qolinglar”, — deya munosabat bildirdi.

Bloger, huquqshunos Xushnudbek`ning yozishicha esa, prezidentning 2019-yil 14-maydagi qarori bilan hozircha faqat quyidagi qoidalar ma’lum:

Majburiy fanlar bloki (barcha uchun tushadi):

  • Ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili) — 15 ta savol, har biri uchun 2.1 balldan;
  • Matematika — 15 ta savol, har biri uchun 2.1 balldan;
  • O‘zbekiston tarixi — 15 ta savol, har biri uchun 2.1 balldan.

Jami to‘plash mumkin bo‘lgan ball — 94.5 ball. Ona tili va O‘zbekiston tarixi fanidan 1 daqiqagacha, matematikadan — 1,5 daqiqagacha vaqt ajratiladi.

Mutaxassislik blokidagi fanlar (ta'lim yo‘nalishiga qarab o‘zgaradi):

  • Birinchi fan — 30 ta savol, har biri uchun 3.1 balldan;
  • Ikkinchi fan — 30 ta savol, har biri uchun 3.1 balldan.

Jami to‘plash mumkin bo‘lgan ball — 186 ball. Asosiy blokdagi 2 ta fan uchun jami 2 soat vaqt beriladi.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilgi imtihonlar uchun fanlar majmuasi 2019-yilning 21-dekabr kuni, ya’ni test sinovlaridan 9 oy oldin rasman tasdiqlangan edi. Hozir esa imtihonlarga 6 oydan kamroq vaqt qoldi.