Xorazm viloyatining Shovot tumani Shovot mahallasida joylashgan «Ortiq ota» choyxonasining oshxonasida besh kishilik oila is gazidan zaharlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Hodisa 20 fevral kuni soat 17:40 larda sodir bo‘lgan. Choyxona egasi K.O., uning turmush o‘rtog‘i I.S. hamda farzandlari Z.O., O.O., va X.O. gaz o‘chog‘idan gaz sizib chiqishi natijasida is gazidan zaharlangan.

Natijada K.O., turmush o‘rtog‘i I.S. va farzandi X.O. hodisa joyida vafot etishgan, ikki nafar farzandi Z.O., va O.O. kuchli zaharlanish alomatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oyida Xorazmning Bog‘ot tumanida 4 kishilik oila is gazidan zaharlangan, oqibatda 31 yoshli ayol va uning 10 yoshli qizi vafot etgan edi.