Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazoqov 20 fevral kuni «Bunyodkor» mahallasi aholisi bilan uchrashuv chog‘ida mazkur hududdagi muammolar o‘z yechimini topmagunicha shu yerda yashashini ma’lum qildi. Bu haqda Namangan viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

«Har kuni shu yerda, sizlarga qo‘shni bo‘laman. Uyim mahalla idorasining ro‘parasida joylashadi. Bugun shu yerga konteyner o‘rnaydi va unga „viloyat hokimining uyi“ deb yozib qo‘yiladi. Bu yerdagi holatni o‘nglab, keyin boshqa holati og‘ir hududga o‘tamiz», — dedi Shavkat Abdurazoqov.

Foto: Namangan viloyati hokimligi.

Shanba kuni erta tongdan ushbu mahallaga yuzlab ishchi-xodim va hasharchilar jalb etildi. Shaharning chekka hududida yerlarni tekislash, elektr tarmoqlari tortish, obodonlashtirish ishlari boshlab yuborildi. Uzoq yillar davomida foydalanilgan chiqindixona yopiladi, mahalla idorasi esa qaytadan quriladi. Muhimi mahallaga toza ichimlik suvi keltiriladi.

«Bu yerda 3 gektar joyda kichik sanoat zonasi tashkil etamiz va kamida 10 ta korxona ochamiz. Buning ortidan 12 ming kishi yashaydigan mahallada 1000 nafar odam ishli bo‘ladi», — dedi viloyat yetakchisi.

Foto: Namangan viloyati hokimligi.

Eslatib o‘tamiz, «Gazeta.uz» 19 fevral kuni prezident kutilmaganda kortej marshrutini o‘zgartirgani va Namangan shahrining chang va o‘nqir-cho‘nqir yo‘llarida yurib, «Bunyodkor» mahallasida yetganda to‘xtagani haqida yozgan edik. «Bu yerdagi ahvol mahalla nomiga zid. Ichimlik suvi yo‘q, ichki yo‘llar yomon, atrof obodonlashtirilmagan. Mahalla idorasining o‘zi ham harob, bino orqasida chiqindilar yotibdi», — degan edi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident Namangan shahar hokimi Olimjon Isayev va ushbu mahallaga mas’ul sektor rahbari bo‘lgan shahar prokurori Bahromjon Yo‘ldoshevga «Bu sizning yuzingiz», deya tanbeh bergandi.

Bunga qadar, Xalq deputatlari Namangan viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida prezident rahbarlarga aholi muammolarini o‘rganib, hal etishi uchun ularning uyida yashashini aytgan edi. «O‘sha uyda yotasizlar, ishini qilib, keyin chiqib ketasizlar», — deya ta’kidladi prezident.