Hozirda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Xalq deputatlari Namangan viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi davom etmoqda. Unda Shavkat Abdurazoqov viloyat hokimi lavozimiga tasdiqlandi Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar berdi.

Prezident kun tartibidagi asosiy masala viloyat hokimini tasdiqlash ekanligiga e’tibor qaratdi.

«Kun tartibidagi muhim masala — Namangan yetakchisini topishimiz kerak. Nuroniylar, yoshlar, xalqning fikrini bilib, bunga yechim topishimiz kerak. Namanganni tushunadigan, uzoq-uzoq hududlardagi, Yangiqo‘rg‘on, Chustdagi ahvol qanday ekanligini biladigan odamni qo‘yishimiz kerak. Bilasizmi, har bitta viloyatda shunday rahbarni 5 yil oldindan tayyorlashni boshlashga majbur bo‘lganman», — dedi u.

«Namangan tumani va shahrida ishlagan, uni olib ketib, Toshkentdagi kabinetlarni ko‘rsatganman, ularni eshigini qanday ochishni o‘rgatganman. Shuning uchun Shavkat Abdurazoqov nomzodini taklif etmoqchiman. Hozirgi lavozimga Abdurazoqovdan boshqa munosib nomzod yo‘q», — dedi davlat rahbari.

Davlat rahbari taklifiga binoan deputatlar 2020 yilning sentyabridan beri Namangan hokimi vazifasini bajaruvchisi sifatida ishlab kelayotgan Abdurazoqov Shavkat Shokirjonovni viloyat hokimi lavozimiga ma’qulladi.

Shavkat Abdurazoqov Prezident va jamoatchilik vakillariga bildirilgan yuksak ishonch uchun katta minnatdorlik bildirdi. «Ota-onamga xizmat qilgandek, Vatanimga xizmat qilishga va’da beraman», — dedi u.

Shavkat Abdurazoqov 1976 yilda Namangan shahrida tug‘ilgan. 1998 yilda Namagan sanoat-texnologiya instituti, 2006 yilda Prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilish akademiyasini tamomlagan.

Mehnat faoliyati davomida Namagan viloyati hokimligi hamda Vazirlar Mahkamasida turli lavozimlarda (2001−2015 y) ishlagan. Shuningdek, Namangan tumani hokimi (2015−2017), Namangan shahri hokimi (2017−2020), Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi (2020 y), Namangan viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi sifatida (2020 yildan hozirgi kunga qadar) faoliyat yuritmoqda.