17 fevral kuni O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Vengriyaga tashrifi doirasida Budapesht shahrida O‘zbekiston-Vengriya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

Forum yakunlariga ko‘ra, parrandachilik, baliqchilik, chorvachilik va oziq-ovqat sanoati sohalarida O‘zbekiston hududlarida 12 ta investitsiya loyihalarini amalga oshirish to‘g‘risida bitimlar imzolandi.


Bundan tashqari, yana 76 ta investitsion loyihalar amalga oshirilishiga kelishildi. Shulardan 26 tasida ham O‘zbekiston, ham Vengriya tomonidan hamkorlar aniqlanib, o‘zaro muzokaralar boshlandi.

Shuningdek, ITSV huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi va Vengriya savdoni rivojlantirish agentligi o‘rtasida hamda O‘zbekiston xususiy turizm tashkilotlari assotsiatsiyasi va Vengriya sayyohlik agentliklari o‘rtasida o‘zaro sayyohlik hajmini oshirish bo‘yicha hamkorlik shartnomalari imzolandi. Bundan tashqari, O‘zbekiston farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi va Vengriya farmakologik klasteri o‘rtasida farmatsevtika sohasida ta’lim tizimini takomillashtirish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi.