Toshkentning Sergeli tumanidagi qadimiy Shoshtepa shahrini saqlab qolish jarayoni boshlandi. Bu haqda UzReport TV telekanali orqali namoyish etilgan lavhada ma’lum qilindi.

Shoshtepa miloddan avvalgi IX va milodiy XVI asrlarga oid yodgorlik bo‘lib, Sergeli tumani, Choshtepa ko‘chasida, Jo‘n kanali bo‘yida joylashgan. Va ayni shu yodgorlikdan Toshkentning 2200 yoshini belgilashga imkon beradigan shaharcha belgilari topilgan.


2019 yilning 4 sentyabr kuni o‘lkashunos Rustam Husanov Toshkentdagi Shoshtepa arxeologik yodgorligi vayron bo‘layotganini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tarixiy merosning bir elementi «yodgorliklarni muhofaza qilishdagi beparvolik va harakatsizlik tufayli abadiy yo‘qolishi mumkin». Ertasi kuni Toshkent hokimligi yodgorlikni konservatsiyalash bo‘yicha loyihalash ishlari olib borilishi, vayron bo‘layotgan tepalik ustiga qoplama yopish va atrofdagi hududda turistik zona yaratish rejalashtirilganini ma’lum qilgandi.

Yodgorlikni qazish ishlarida va Toshkentning 2200 yoshda ekanligini belgilashda ishtirok etgan arxeolog Margarita Filanovich 2020 yilning yanvarida UzReport TV’ga bergan intervyusida tarixiy ob’ektning bir qismini vayron bolishi oqibatida butun tepalik bo‘ylab kesik joy paydo bo‘lganini so‘zlab bergan edi.


«Eni 2 metr, uzunligi 17 metr keladigan ulkan bo‘lak — barchasi qulab tushdi. Vayrona — sivilizatsiyamizning, insonlarning aybi. 2200 yil turgan inshoot hozirda shaharda bo‘layotgan qurilish jarayonlarini ko‘tara olmadi», — degan edi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tepalikdan 50 metr narida turar joy massivini qurish bo‘yicha ishlar olib borilgan, bu ob’ekt zonasining qo‘riqlanishiga xilof hisoblanadi.

O‘sha vaqtda o‘lkashunos Rustam Husanov vayronagarchilikdan bir necha oy o‘tib yog‘gan bir necha yog‘ingarchilik tuproqni yuvib yuborayotgani, biroq shahar rasmiylari bu borada hech qanday chora ko‘rmayotganini bildirgandi.


Oradan 1,5 yil o‘tgach, arxitektura yodgorligini konservatsiya jarayoni boshlandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, shahar uzra diametrli 64 metrga yetadigan gumbaz paydo bo‘ladi. Ayni vaqtda hudud belgilab olingan, gumbaz ustunlari o‘rnatiladigan 6−7 metrli xandaqlarni qazish ishlari amalga oshirilmoqda. 35 kishidan iborat ishchi guruh faoliyatiga Madaniyat vazirligi huzuridagi «Madaniy meros» ilmiy-tadqiqot instituti mas’ul etib belgilangan.

Shaharning konservatsiyasi va arxeologik muzeyni yaratish taklifini arxitektor Timur Nurullin ilgari surgan.