15 fevral kuni Vazirlar Mahkamasida Respublika Maxsus komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida O‘zbekistonda koronavirusga qarshi vaksinalarni ishlab chiqish hamda aholini koronavirusga qarshi ommaviy emlash ishlarini boshlash va tashkillashtirish choralari ko‘rib chiqildi, deya xabar berdi Rasul Kusherbayev.

O‘zbekistonda Innovatsion rivojlanish vazirligi boshchiligida ZF-2001 rekombinant vaksinasining 3-faza klinik sinov bosqichi bo‘yicha hozirga qadar 6697 nafar ko‘ngilli fuqarolar vaksinaning 1-dozasi bilan emlangan, yana 1209 tasi 2-dozani ham qabul qilishgan.

Klinik sinovning dastlabki natijalariga ko‘ra, vaksina qabul qilganlar orasida 1-darajali nojo‘ya ta’sirlar (allergik reaksiya, biroz isitma chiqishi, bosh og‘rig‘i) 5 nafar shaxsda (0,3%) kuzatilgan. Solishtirish uchun, bu ko‘rsatkich «Pfizer/Biontech»da 2−3,8%, «Sputnik V»da esa 0,3−0,4%ni tashkil etgan.

Xabarga ko‘ra, klinik sinovning ijobiy natijalari sababli Innovatsion rivojlanish vazirligi O‘zbekistonda aholini emlashda mazkur vaksinadan foydalanishni hamda buning uchun Maxsus komissiya tomonidan vaksinadan favqulodda foydalanish uchun ruxsat (EUA) berilishini taklif qilmoqda.

Agar maxsus komissiya tomonidan bunday ruxsat berilgan taqdirda, vaksina yaratilishida hamkor tomon sifatida O‘zbekistonga vaksina imtiyozli narxlarda va yetarli quvvatlarda yetkazib beriladi. Shuningdek, mamlakatda vaksina ZF-UZ-2001 nomi ostida O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikda tijoratlashtirilishi rejalashtirilmoqda.

Maxsus komissiya raisiga ko‘ra, Xitoy kompaniyasi mahalliy farmatsevtika kompaniyalar bilan hamkorlikda ZF-UZ-2001 vaksinatsini joriy yilda 300 mln donagacha ishlab chiqishi va yetkazib berishi mumkin. Bu esa 2021 yil oxirigacha mamlakat aholisini ommaviy ravishda emlash imkoniyatini yaratadi.

Shuningdek, komissiya raisi Xalqaro Vaksinalar Ittifoqi (GAVI) tomonidan O‘zbekistonga 2,5 mlnga yaqin Astra-Zeneca vaksinalarini bepul yetkazib berilishi bo‘yicha ham muzokaralar yakunlanayotganini ma’lum qildi. Muzokaralar yakuniga qarab, ushbu vaksinalarning dastlabki 800 ming donasi joriy yilning mart oylarida O‘zbekistonga keltirilishi kutilmoqda.

O‘zbekistonda birinchi navbatda yoshi katta, surunkali kasalligi bor, fuqarolarga birinchi xizmat ko‘rsatuvchi soha xodimlarini (shifokor, o‘qituvchi, IIO xodimlari va hokazo) 2021 yil oxirigicha koronavirusga qarshi vaksina bilan to‘liq emlash rejalashtirilgan. Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muxtoj, yoshi katta va aholini boshqa zaif qatlamlari vakillarini vaksina bilan emlash bepul tarzda ya’ni byudjet mablag‘lari hisobiga amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.