3 nafar fuqarodan iborat jinoy guruh tadbirkorning moddiy boyligini qo‘lga kiritish maqsadida uni aldov yo‘li bilan uyga olib kelib, shafqatsizlarcha o‘ldirdi. Bu haqda «Bir jinoyat izidan» ko‘rsatuvida ma’lum qilindi.

Toshkent shahar Uchtepa tumani IIO faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i nomiga Uchtepa tumani Dilnavo ko‘chasi 5 uyda yashovchi N.F. ariza bilan murojaat qilgan. Unda 1989 yili tug‘ilgan R.R. 2020 yil 7 may kuni soat 10:00 da o‘zining boshqaruvidagi «Lacetti» rusumli avtomashinasida uydan chiqib ketib, qaytib kelmagani haqida xabar qilgan.

O‘rganilgan tekshiruv harakatlari natijasiga ko‘ra, IIV tomonidan Jinoyat kodeksining 137 moddasi 1 qismi (odam o‘g‘rilash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Yunusobod tumanida yashovchi fuqaro O. J. o‘ziga muqaddam sotib olish sharti bilan ijaraga avtomashina bergan tanishi, ya’ni jarblanuvchi R.R. ning puldorligini bilgach, uning pul mablag‘larini bosqinchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritishni maqsad qilgan.

R.R. oylik pul mablag‘larini bermay yengil avtomashinasini minib yurgan J.O. ni shahar markazida ko‘rib qolib, o‘zaro og‘zaki aytishib qoladi. Achchiq ustida «Spark» avtomashinasini olib qo‘yib, boshlang‘ich garov sifatida berilgan 2000 AQSH dollarining 1000 dollarini o‘ziga tegishli avtomashinasining yuk xonasidan olib beradi.

J.O. o‘zining tanishlari 1991 da tug‘ilgan M.M. va 1997 yilda tug‘ilgan A.S.lar bilan oldindan til biriktirgan. Telegram messenjeri orqali, guyoki o‘zini ayol kishi sifatida tanishtirib, R.R. bilan muloqotga kirishgan.

J.O. R.R.ni uchrashuvga taklif etadi. A.S. uchrashuvga chiqib, o‘zini telegramdagi qizning singlisi sifatida tanishtiradi va J.O. ning uyiga olib boradi. J.O. va M.M. o‘zining uyida R.R. ni kutib olib, uni yog‘ochdan tayyorlangan qurollar bilan do‘pposlab, unga tegishli bo‘lgan pul va moddiy boyligini qo‘lga kiritmoqchi bo‘ladi.

Jinoiy guruh R.R.ni arqon bilan bog‘lab, sha’ni va erkini kamsitib, uni oyoq qo‘llarini bog‘lab ushlab turgan.

Bundan tashqari, ular R.R.ning telefonidan uning ota-onasiga avtomashina sotib olish uchun 29 ming AQSH dollarini biznes hamkori orqali berib yuborishlarini haqida xabar yo‘llaydi. Ularni ishontirish maqsadida R.R.ni otasiga qo‘ng‘iroq qildirgan. Jabrlanuvchining otasi J.O.ga 29 ming AQSH dollarini berib yuborgan.

J.O. R.R. dan yana pul berishni talab qilib, o‘zi oldindan ijaraga olgan Yashnobod tumanidagi uyga olib borish uchun, uni qo‘llari bog‘langan holda avtomashina yukxonasiga majburan yotqizib, olib borgan. R.R. pul berish talabini rad etgandan so‘ng, ushbu holatdan jahli chiqib, uning yuz va bosh qismlariga qo‘llari bilan urib, uni bo‘yin qismidan bo‘g‘ib, qassddan o‘ldirgan.

2020 yil 8 may kuni R.R. ni qasddan o‘ldirganligini yashirish maqsadida Qo‘yliq dehqon bozorining yollanma ishchilarini hojatxona uchun chuqur qazdirish bahonasida mazkur hovliga olib kelib, chuqur qazdirgan. So‘ng shu kuni R.R. murdasini bosh, ikki qo‘llari va oyoqlarini tanasidan ajratib, bo‘laklarga bo‘lib, murdani tahqirlab, chuqurlikka ko‘mgan va hodisa joyidan yashiringan.

J.O. ga nisbatan Jinoyat kodeksining 97 moddasi 2 qismi (aybdorga ayon bo‘lgan ojiz ahvoldagi shaxsni; tamagirlik niyatida qasddan o‘ldirish) ,164 moddasi 4 qismi (juda ko‘p miqdorda bosqinchilik) va boshqa moddalar bilan, shuningdek M.M. va A.S.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 164 moddasi 4 qismi bilan ayblov e’lon qilingan.

J.O. ga uzil kesil 25 yil, M.M.ga 15 yil va A.S. 13 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

A.S. sud jarayonida J.O.ning asl maqsadidan bexabar bo‘lganini, R.R.ni urmaslikni iltimos qilganida, o‘zi ham kaltak yeganini, bo‘lgan voqeadan keyinroq xabar topganini aytib, marhumning yaqinlaridan kechirim so‘ragan.

Ma’lumot o‘rnida, fuqaro A.S. 2014 yilda Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangan.