Ne bo‘ldiyu zamonning charxpalagi teskari aylanadigan bo‘lib qoldi. Nima emish, so‘z erkinligi emish, kimmish — blogermish, balogir u, baloning boshi! Tinchgina yashab yurgandik. Birov pishagimizni pisht demasdi. Kimsan, nima qilayapsan, qayerdan olding, qayoqqa sarflayapsan? So‘raydigan odam yo‘q edi. Ha, onda-sonda uchrab turardi, lekin uyam o‘zimizga o‘xshagan ojiz banda, kelishardik, chiroyli suhbatlar qurib, rozi-rizochilik bilan xayrlashardik. Axir hammada ham nafs bor, oila bor, bola-chaqa bor. Ular uchun o‘zimizni o‘qqayam, cho‘qqayam urib yashayapmiz-ku axir.

Ammo, lekin, biroq, aytganimday, balogirlar chiqdiyu xavolatimiz yo‘qoldi, uzr, xalovatimiz. Ularni nomini aytishim bilan tilim ham yaxshi aylanmay qoladi-ey. Bu balogirlarning burnini suqmagan joyi, tashkiloti, ishi yo‘q. Yuvilmagan qoshiqqa o‘xshab, yo‘q yerdan keladiyu shovqin-suron qilib tashlashadi. Haligi, «Suyunchi»dagi Anzirat xola bor-ku, o‘sha xola hayotda ham bo‘lganida, balogirlarning oldida ip esholmay qolgan bo‘lardi.

Yaqinda bittasi qishlog‘imizda qulab tushgan simyog‘ochni rasmini internetga chiqarvoribdi. Senga nima, qulagan bo‘lsa, ustingga tushdimi? Buz.uz chiqargan bo‘lsa tanga topgan tentakka o‘xshab katta guruhga qo‘yaverasanmi? Rosa gap eshitdim. Mana senga dedimu, ustidan yozvordim. Men ham odamman, sha’nim, qadr-qimmatim bor. Xoy, baraka topkur, o‘zimizning odamsan, bitta mahallada yashasak, kamchiliklarimizni butun dunyoga doston qilishing shartmi? Qulagan bo‘lsa, o‘rtadagi puldan bir ikki so‘m sarflab tiklab qo‘yamiz. Ota go‘rini qozixona qilish kerakmi shu arzimagan narsaga? Agar biror muammong bo‘lsa, sekin o‘zimizga kelib ayt, «Aka, shunaqa dardim bor», de, yonimizga olmaymizmi?

Tunov kuni o‘lib qolgan ikkita qo‘ziniyam yozibdi. O‘lsa o‘libdi, uyam tirik jon, ajali yetgan bo‘lsa biz nima qila olamiz? Asta cho‘ponlarning qulog‘iga shivirlagandim, ularam boplab ustidan yozvordi. Hali qarab tursin, yozish qanaqaligini ko‘rsatib qo‘yamiz, sichqonning dumini kesgani uchun ham, qarg‘aning inini buzgani uchun ham, itning suyagini olib qochgani uchun ham javob beradi.

Indamay ishimizni qilib yurganimiz bilan biz ham anoyilardan emasmiz. Quda-andalarimiz, qarindosh-urug‘, akalarimiz, ustozlarimiz, bir tovoqdan osh yegan ulfatlarimiz bor. Sizdan ugina, bizdan bugina, qarg‘a-qarg‘aning ko‘zini cho‘qimaydi, o‘ynashmagin arbob bilan, degan gaplar bizga atab aytilgan o‘zi. Ba’zilar bizni bezbet, surbet deb o‘ylar, lekin aslida, juda ta’sirchan, ko‘ngilchan, nozik did va dilli odamlarmiz. Umay Hayyom, Alisher Navoiy misralaridan bahru bayt aytishlarimizni ko‘rsangiz edi, sel bo‘lib oqardingiz.

Kimki bir ko‘ngli buzuqning xotirin shod aylagay,

Oncha borkim Ka’ba vayron bo‘lsa obod aylagay.

Ko‘rdingizmi, biz ham shikasta ko‘ngilli odamlarmiz, aslida. Davlatdan oylik olib ishlaymiz, kunni kun, tunni tun demay, xalq xizmatimizdamiz. Yarim kechasi hamma ikkinchi tushini ko‘rayotganda boshliqlarimizning uyga ketishini poylab o‘tirgan bo‘lamiz. Bola-chaqamizni haftalab, oylab ko‘rmaymiz. Shuncha fidoyiligimiz uchun rahmat aytish, hurmatimizni joyiga qo‘yish o‘rniga bemaza qovunning urug‘iday ko‘payib ketgan bu balogirlar nuqul kamchiligimizni qidirashadi. Telefonlarini yoqib, ko‘zini to‘rt qilib, qoqilishimizni kutishadi.

Ana, tunov kuni ham maktabimizdagi eng yaxshi o‘quvchilarga stipendiya tarqatgandik. Atay qilmadik, lekin bolalarimiz maktabningmas, butun qishlog‘imizning eng namunali o‘quvchilari bo‘lsa nima qilaylik. Ular o‘zlari g‘olib bo‘lgan bo‘lsa bizdami ayb? Bir balogir shuniyam darrov Tilig‘irromdagi kanaliga yozib chiqibdi. Bir nimalar deb gapni aylantirib, chuvalashtirib bayonot berganday bo‘ldik. Tepadagilar ko‘rsa bo‘ldi, ularam o‘zimizdan, to‘g‘ri tushunishadi. Tutuni chiqmasin, olovini ko‘rsatma, deb qo‘yishadi.

Shuncha gapni kimga aytdim, kimsan o‘zi? Nima blog, blog, bloger! Qooo-o-ch! A-a-a-a! Uf-f-f, xayriyat, tushim ekan…

Oyimtillaning tushini oqqa ko‘chirgan balogir, uzr, bloger Sanjar Said.