2021-yilgi davlat dasturidan iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining uzoq muddatli davlat siyosatini ishlab chiqish vazifasi ham o‘rin olgan.

“Gazeta.uz” muxbiri xabar berishicha, O‘zbekistonning 2030-yilgacha bo‘lgan iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurash strategiyasini tasdiqlash hamda iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurash bo‘yicha mintaqaviy strategiya loyihasini tayyorlash rejalashtirilmoqda.

Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun joriy yilning 1-sentabriga qadar prezident qarori loyihasi ishlab chiqiladi. Unga davlat byudjetidan mablag‘lar ajratilishi belgilangan.

Hujjat loyihasi O‘zgidromet, Davlat ekologiya qo‘mitasi, mutasaddi vazirliklar tomonidan Oliy Majlis palatalari kelishuvi asosida tayyorlanadi.