Markaziy saylov komissiyasining yig‘ilishida Nizamxodjayev Zayniddin Maxamatovich MSK raisi etib saylandi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga komissiya matbuot xizmati xabar berdi.

Nizamxodjayev 1954 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, shifokor. «O‘zbekiston Qahramoni» faxriy unvoni sohibi. Senat raisi o‘rinbosarligidan avval yuqori palata qo‘mitasi raisi sifatida faoliyat yuritgan. Ushbu lavozimga qadar Senat raisi o‘rinbosari edi.

MSK raisi o‘rinbosari lavozimiga esa Baxrom Kuchkarov saylandi. U bunga qadar adliya vaziri o‘rinbosar bo‘lgan.

Kuchkarov 1972 yilda Namangan shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, huquqshunos, iqtisodchi. 2017 yilda prezident maslahatchisi birinchi o‘rinbosari, 2017−2020 yillarda Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi sifatida ishlagan.

Avvalroq, MSKning qariyb 16 yillik raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov esa Konstitutsiyaviy sud sudyasi etib tasdiqlangan edi.