Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari — Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliyev O‘zbekistonda ilk bor COVID-19`ning «britancha shtammi» qayd etilganini ma’lum qildi.

2010 yilda tug‘ilgan poytaxtlik fuqaro Sh. oila a’zolari bilan birgalikda BAAning Dubay shahriga safar qilib, 2021 yilning 23 yanvar kuni Toshkentga qaytgan. Xalqaro aeroportda fuqarodan ekspress usulda test olinganda, unda musbat natija qayd qilingan. Shundan so‘ng, bemor zudlik bilan yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan va unga virusning simptomsiz kechishi tashxisi qo‘yilgan.

Vazir o‘rinbosarining aytishicha, SARS-CoV-2 virusi genomini o‘rganish uchun Innovatsion rivojlantirish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markaziga yuqumli kasalliklar shifoxonasidan PZR usulida olingan 33 ta musbat natijali tomoq-burun namunasi «britancha shtamm»ni aniqlash maqsadida yuborilgan. Ushbu namunalar PZR skriningi orqali birinchi bosqich tekshiruvidan o‘tkazilgan.

«Natijada, ular orasida mutatsiyaga uchragan namunalar ham aniqlangan. Kuni kecha ikkinchi test bosqichida mutatsiya aniqlangan namunalardan birining genom qismlarida «britancha shtamm»ga xos bo‘lgan qo‘shimcha mutatsiya mavjudligi tasdiqlangan. Bu namuna esa 10 yoshli bemor Sh. (qiz bola)ga tegishli ekani ma’lum bo‘lgan», — dedi Bahodir Yusupaliyev.

Hozirda bemorning umumiy holati qoniqarli, shikoyatlari yo‘q, tegishli tibbiy standartlar bo‘yicha davo muolajalarini olmoqda. Bemor bilan birga bo‘lgan oila a’zolarida manfiy natija aniqlangani sababli uy sharoitida izolyatsiyaga ruxsat berilgan.

SSV aholini xushyorlikka chaqirib, o‘zbekistonliklardan zarurat bo‘lmaganda chet el safarlariga vaqtincha chiqmay turishlarini so‘radi.

Avvalroq, «Gazeta.uz» koronavirusning yangi shtammi oldingisidan 70% ga kuchliroq ekani haqida yozgan edi.