Jizzax viloyatida oltin rudalarini qazimoqchi bo‘lib, chuqurlikka tushgan fuqarolarni tosh bosib qoldi. Bu xaqda Jizzax viloyati IIB matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 26 yanvar kuni «Buloqboshi» qishloq fuqarolar yig‘ini Avliyo qishlog‘ida yashagan to‘rt nafar fuqaro aholi yashash joyidan taxminan 7−8 km uzoqlikda joylashgan tog‘ bag‘riga 12−15 metr qazib kirib ruda olishmoqchi bo‘lishgan.

Tosh bosib qolishi oqibatida ikki nafar fuqaro chuqurdan chiqa olmasdan vafot etgan. Qolgan 2 nafari esa turli xil darajadagi sinish va boshqa tan jarohatlari bilan tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Mazkur fojia munosabati bilan Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasining mas’ullari tomonidan muhokama tashkil etildi.

Foto: jviib.uz.

Muhokamada 2017 yildan to shu kunga qadar ushbu toqqa chiqib, noqonuniy ravishda tarkibida qimmatbaho oltin zarralari bor bo‘lishi mumkin bo‘lgan ruda toshlarni talon-taroj qilganlik holati bo‘yicha bir necha fuqarolar javobgarlikka tortilgani ma’lum qilindi.

Avvalroq 2020 yil birinchi yarmida O‘zbekistonda 200 ga yaqin odam noqonuniy ravishda oltin qazib olganligi uchun hibsga olingani haqida xabar berilgan edi, 2018−2019 yillarda 220 ta shunday faktlar aniqlangan.