«Yallama» postida bojxona rasmiylashtiruvini tezlashtirish evaziga pul undirib kelgan guruh qo‘lga olindi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga DXX matbuot xizmati xabar berdi.

Qozog‘iston orqali Xitoydan O‘zbekistonga import tovarlarni tashuvchi avtofura haydovchilari Toshkent viloyatidagi «Yallama» posti orqali o‘tganda jinoiy guruh a’zolari bojxona rasmiylashtiruvini tezlashtirishni aytib, ulardan tovlamachilik yo‘li bilan pul undirib kelgan.

DXX, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Davlat Bojxona qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida guruh a’zolari qo‘lga olindi. Surishtiruv davomida guruh soxta hujjatlar yordamida tovarlarni import qilgani aniqlangan.

Guruh a’zolariga tegishli bo‘lgan Toshkent viloyati va poytaxtdagi 6 ta manzildan 410 ming AQSH dollari, turli ko‘rinishdagi 21 dona soxta muhr va shtamplar, kompyuter texnikalari hamda bojxonaga oid shubhali hujjatlar topilgan.

Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, guruhning ikki nafar yetakchisi ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan. Guruh faoliyatiga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha ishlar davom etmoqda.