2020 yilda «tez yordam» xizmatiga deyarli 11,5 millionta murojaat kelib tushgan, deya xabar bermoqda SSV matbuot xizmati.

«O‘tgan yil shoshilinch va tez tibbiy yordam xizmatining xodimlari uchun ancha sertashvish yil keldi», — deyiladi vazirlik axborotida.

Unga ko‘ra, «103» xizmati 2019 yilda 10 millionga yaqin chaqiriqni qabul qilgan bo‘lsa, 2020 yilda bu ko‘rsatkich 11 yarim millionga yaqinlashgan.

Eng ko‘p chaqiriqlar Farg‘ona, Andijon, Toshkent, Namangan viloyatlari va poytaxtda (1 milliondan ziyod) kelib tushgan bo‘lib, eng kam murojaat Navoiy (355 mingdan ortiq) hamda Sirdaryo (384 mingdan ortiq) viloyatlarida kuzatilgan.

«2020 yilgi murojaatlar soni oshganligini pandemiya sharoiti bilan bog‘lash mumkin. Chunki karantin davrida «COVID-19» ni yuqtirish xavfi tufayli uydan chiqishni afzal ko‘rmaganlarning aksariyati «tez yordam»ga qo‘ng‘iroq qilishdi», — deydi vazirlik.

Iyul oyida SSV Toshkentda tez tibbiy yordam xizmatiga kunlik murojaat 2,5−3 baravar oshib, 6000 dan oshganligini ta’kidlagan edi. Senat raisi Tanzila Narbayeva so‘nggi ikki yil ichida tibbiy tibbiy yordam mashinalarining o‘z vaqtida yetib kelmasligi sabab 48 mingdan ortiq o‘lim holati yuz berganligini ma’lum qilgan edi.