Avvalroq, prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahrida Xalq deputatlari viloyat kengashining yig‘ilishida ishtirok etib nutq so‘zlagan haqida yozgan edik. Davlat rahbari ushbu nutqida «Buxoro boshqa viloyatlardan 10 yil orqada qolayotgani»ni aytib, hudud oldidagi ustuvor vazifalarga to‘xtalib o‘tgan edi.

Prezident ijtimoiy-iqtisodiy sohalar qatorida qishloq xo‘jaligiga ham e’tibor qaratgan. Kun.uz nashrining yozishicha, qishloq xo‘jaligi orqada ekanligi va davlat rahbarini mutlaqo qoniqtirmasligini ta’kidlangan. Yig‘ilishda sohaga mas’ul bo‘lgan mansabdor shaxslar ogohlantirilgan.

«Qishloq xo‘jaligimiz juda orqada. Shaxsan meni mutlaqo qoniqtirmaydi. Buxoro qishloq xo‘jaligida suvni ikki barobar ko‘p ishlatyapti. Bu suv qancha mehnat bilan yetib kelayotganini bilasizlarmi? Juda ko‘p elektr energiyasi sarflayapmiz.Suvni tejashni qachon o‘rganamiz? Tomchilatib sug‘orishni qachon kengaytiramiz? Men Xo‘jayevni [qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev — tahr.] qattiq ogohlantirdim. Agar eplay olmasa ishdan olaman. Yaqinda ikki vazirni ishdan oldim, buni ham olaman», — dedi prezident.

Davlat rahbari sentyabr oxirlarida bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangan Shuhrat G‘aniyevni ham ogohlantirdi.

«Qishloq xo‘jaligimiz ham qoniqtirmaydi. Haligacha sobiq ittifoq uslubida ishlayapmiz. Men 1993 yilda Yevropaga borganimda ko‘rganman, tuproqqa tushadigan har bir tomchi suv, har gramm o‘g‘itning aniq hisob-kitobi bor. Biz qachon hosildorlikni, daromadni ko‘paytiramiz?! G‘aniyevni [bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev — tahr.] ham ogohlantirdim, tizimni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ymasa, ishdan ketadi», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, prezident 15 yanvar kuni Yunusobod mahallalari faollari va yoshlar bilan uchrashuvda, rahbarlar «aravani tortmasa, ketishi kerak» deya aytgan edi. Davlat rahbari 10 kun ichida ikki vazirning (uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Muzaffar Saliyev hamda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov) ishdan olganini, qolaversa, bir qancha vazir o‘rinbosarlari — suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari — Baxodir Ro‘ziboyev, Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosarlari Saidkamol Xodjayev va Botirjon Sulaymonov, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari O‘ktam Salomov, transport vaziri o‘rinbosari Davron Деҳқоновniнг lavozimidan ozod qilinganini ta’kidlagan.

Bundan tashqari, yig‘ilish davomida prezident bosh vazirning ikki o‘rinbosari «oxirgi xayfsan bilan zo‘rg‘a ishda qolgan"ini ham ma’lum qilgandi. O‘shanda kim haqida gap borayotganiga aniqlik kiritilmagan edi.