Prezident raisligida ma’naviy-ma’rifiy ishlar ta’sirchanligini yanada oshirishga qaratilgan vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev yaqinda tayinlangan oliy ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov ko‘plab vazifalar yuklatilganini aytib o‘tdi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar berdi.

«Yangi vazir Abduqodir Toshqulovni sinash shart emas. Men uni sinab bo‘ldim. Agar unga qandaydir rektor yoqmasa, u (rektor) ketadi. Men unga katta vazifalar yukladim. U uxlamay ishlaydi», — dedi davlat rahbari.

«Toshqulov qishloqdan, u qishloq „hidini“ biladi, muammolarni biladi. Ko‘pchilik aytyapti: „Ko‘ramiz, qancha chiday olarkan“ deb. Ko‘ramiz. Men bilaman buni kim aytganini», — degan Shavkat Mirziyoyev.

Prezident Abduqodir Toshqulov ba’zi rektorlarga yoqmasligi mumkinligini ham ta’kidlagan. «Rektorlarning ko‘pi tashabbus ko‘rsatmaydi, 15:00 dan keyin prorektorlarga topshiriq berib, uyiga ketadi, talabalarning kvartiradagi sharoitlari bilan qiziqmaydi», — degan u.

Shavkat Mirziyoyev rektorlar dars bermasligini yoki faqatgina 10% vaqtini dars berishga ajratishini aytgan. Rektorlar dars bermasa, tarbiya va madaniyat masalalari bilan shug‘ullanishi kerakligi ta’kidlangan.

Davlat rahbari oldingi oliy ta’lim vaziri Inomjon Majidov haqida ham fikr bildirib «aravani torta olmagan"ligini ta’kidladi.