AQSH Vakillar palatasi amaldagi prezident Donald Trampga impichment e’lon qilish uchun ovoz berdi, deb xabar bermoqda The New York Times. U mamlakat tarixida ikki marta impichment e’lon qilingan birinchi prezident bo‘ldi.

Kongressmenlar Donald Trampni Kongress binosiga bostirib kirgan olomonni qo‘zg‘atganligi uchun AQSH hukumatiga qarshi «isyon qo‘zg‘aganlikda» ayblashmoqda. 232 kongressmen impichment uchun ovoz bergan bo‘lsa, 197tasi bunga qarshi bo‘ldi. Shu bilan birga, respublikachilarning 10 nafari ham impichmentni qo‘llab-quvvatladi.

«U ketishi kerak. U hammamiz yaxshi ko‘rgan millat uchun aniq va real xavf tug‘diradi», — dedi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi.

Endi hujjat Senatga taqdim etiladi. Trampga impichment e’lon qilish uchun rezolyutsiyani senatorlarning uchdan ikki qismi, ya’ni 67 nafari qo‘llab-quvvatlashi kerak.

Bloomberg nashrining ta’kidlashicha , Senat Jo Bayden inauguratsiyasiga qadar impichmentni ko‘rib chiqmasligi mumkin. Respublikachilarning Senatdagi yetakchisi Mitch Makkonnel navbatdan tashqari yig‘ilishni chaqirishdan bosh tortdi. Senat 19 yanvargacha ta’tilda.

Biroq, demokratlar prezident almashgandan keyin impichmentni ko‘rib chiqish choralarini ko‘rmoqdalar. Buni ular Donald Tramp bundan keyin saylovlarda qatnasha olmasligi uchun qilishmoqchiligini aytishmoqda.

Donald Tramp Vakillar palatasi tomonidan ikki marotaba impichment e’lon qilingan AQSHning birinchi prezidenti bo‘ldi.

Vakillar palatasi birinchi marta 2019 yil dekabrida Trampni lavozimini suiste’mol qilishda va Ukraina hukumatiga bosim o‘tkazgan mojaro tufayli Kongressga to‘sqinlik qilishda ayblab, unga impichment e’lon qilishgan edi. Respublikachilar rahbarligidagi Senat Trampni 2020 yil fevralida oqladi va u o‘z lavozimini saqlab qoldi.

Impichment bo‘yicha ovoz berishdan so‘ng, Donald Tramp videomurojaat bilan 6 yanvar kuni Kapitoliyga bostirib kirilishini qoraladi va o‘z tarafdorlarini «yaqin kunlarda Vashingtonda ham, butun mamlakat bo‘ylab» zo‘ravonlik takrorlanishining oldini olishga chaqirdi. Video murojaat Oq uy tomonidan Twitter va You Tubeda joylashtirilgan. Ushbu platformalarda Trampning sahifalari bloklab qo‘yilgan.