Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda 2020-yilda sohada amalga oshirilgan ishlarni tahlil qilib, 2021-yilgi rejalar haqida axborot berdi.

“Tibbiyot sohasida IT-texnologiyalarni joriy qilish, jumladan „Yagona tez tibbiy xizmat“ axborot tizimini tashkil etish orqali fuqarolar murojaatlarini qabul qilishga sarflanadigan vaqtni ikki barobarga qisqartirishga erishildi. Toshkent shahridagi 88 ta oilaviy poliklinikada „Elektron poliklinika“ axborot tizimlari joriy etildi”, — dedi vazir.

“Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasi bo‘yicha kelgusi 3 yilda hududlar va tarmoqlarni raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha 1627 ta loyiha amalga oshiriladi.

“Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish bo‘yicha 2020−2022-yillarda 42 ta vazirlik va idorada jami 260 dan ortiq loyihani amalga oshirish boshlab yuborilgan. Qator loyihalar 2020-yilning o‘zida yakuniga yetdi. „Raqamli Toshkent“ dasturi doirasida 30 dan ziyod axborot tizimini yaratish va integratsiyalar loyihasi amalga oshirilmoqda”, — dedi Sodiqov.