Tergov departamenti xabariga ko‘ra, 2020 yilning 23 dekabr kuni soat 09:03 da Yashnobod tumanida tan jarohatlari bilan ayol kishining murdasi topilgan va u 31 yoshli D.K. ekanligi aniqlangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 yilning 22 dekabr kuni soat 16:30 larda D.K. tanishlari A.K. va V.A. lar bilan A.K. ga tegishli uylardan birida tibbiyot spirtini iste’mol qilishgan.

So‘ngra D.K. mast holatda bo‘la turib, “karate” uslublarini ko‘rsatgan. Shu vaqtda D.K. V.A. ga behosdan jarohat yetkazganligi natijasida V.A.ni jahli chiqib, oshxona pichog‘i bilan unga ikki marotaba jarohat yetkazgan.

D.K. uydan chiqib ketgan, lekin tan jarohatlari tufayli vafot etgan.

Holat yuzasidan JKning 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. V.A. ga nisbatan “qamoqqa olish” tariqasidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.