6 yanvar kuni Senatning 11-yalpi majlisida «Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida"gi qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov qonun haqida fikr bildirib, «Avvallari bu sohada yakdil, uning hamma yo‘nalishlarini qamrab oluvchi qonun darajasidagi hujjat bo‘lmagan. Madaniyat sohasidagi faoliyatlar 29 yil davomida qonunosti hujjatlar bilan tartibga solib kelindi», — deya ta’kidladi.

Qayd etilishicha, Rossiya Federatsiyasi, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Moldaviya, Armaniston va Ukraina kabi davlatlarda madaniyat sohasidagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan barcha huquqiy normalarni o‘z ichiga qamrab olgan «Madaniyat to‘g‘risida"gi yagona qonunlar, Yevropada, jumladan, Germaniyada 2016 yilda «Madaniy boyliklarni himoya qilish to‘g‘risida"gi, Italiyada esa «Madaniy qadriyatlar to‘g‘risida"gi qonun qabul qilingan.

O‘zbekiston madaniyat sohasidagi barcha huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi yagona qonun loyihasining ishlab chiqilishida esa aynan mazkur davlatlarning tajribasi o‘rganilgan hamda xalqaro huquq normalarining milliy qonun hujjatlariga implementatsiya qilinishini ta’minlaydi.

Qonunda madaniyat sohasida davlat siyosatining maqsadi va asosiy ustuvor yo‘nalishlari, mazkur yo‘nalishdagi huquqiy munosabat ishtirokchilarini aniqlash va ularning vakolatlari, iste’dod egalari va madaniyat muassasalarining huquqiy maqomi qamrab olingan.

Unda, shuningdek, davlat madaniyat muassasalari va tashkilotlariga «Milliy» yoki «Akademik» maqomini berish, madaniyat sohasida xalqaro hamkorlik, teatr, sirk faoliyatiga doir normalar aks etgan.

Qonunning yana bir muhim jihati, madaniyat markazlariga oid normalar kiritilgan bo‘lib, unga ko‘ra, sohada xalq ijodiyotini rivojlantirish uchun zarur sharoitlarni yaratish, yangi iste’dodlarni kashf qilish, ommaviy bayramlar, tomoshalar hamda xalq sayillarini tashkil etish masalalarida tizimli faoliyat yuritish belgilab qo‘yilgan.

Ushbu qonun bilan «madaniyat xodimi», «ijodkor», «ijodiy jamoa», «ijodiy faoliyat», «madaniy tadbirlar», «madaniy tadbir tashkilotchisi» kabi tushunchalariga ilk marotaba aniq ta’rif berilmoqda.