Vestminster magistrlik sudi WikiLeaks asoschisi Julian Assanjni garov evaziga ozod qilishni rad etdi. U ekstraditsiya ishi bo‘yicha AQSH appelyatsiyasi ko‘rib bo‘lingunga qadar qamoqda qoladi, deya xabar bermoqda RIA Novosti.

Julian Assanjga avvalroq, u garov evaziga ozod etilish shartlarini buzgani uchun rad javobi berildi. Huddi shu asosda sudyalar uning advokatlari kiritgan avvalgi iltimosnomalarini ham rad etishgan edi.

«AQSHda mening qarorimga e’tiroz bildirish imkoniyati bo‘lishi kerak, agar Assanj qochib ketsa, Amerika tomoni bunday imkoniyatdan mahrum bo‘ladi. Bundan tashqari, mening oldingi qarorimga sabab bo‘lganidek, Belmarsh qamoqxonasidagi sharoitlar Assanjni Amerika qamoqxonalarida kutishi mumkin bo‘lgan sharoitlar bilan hech qanday umumiy jihatlarga ega emas», — deya tushuntirdi sudya Vanessa Baraytser.

WikiLeaks asoschisining himoyachilari Vanessa Baraytserning qarorini «tushunarsiz» deb atadi, chunki «huddi shu sudyaning o‘zi gumanitar sabablarga ko‘ra, ekstraditsiya qilishni rad etgan edi, u bu bilan mazkur qarorga o‘zi qarshi chiqmoqda».

Avvalroq, London sudi AQSH hukumatiga Julian Assanjni ruhiy salomatligi va o‘z joniga qasd qilish xavfi mavjudligi tufayli ekstraditsiya qilishni rad etdi.

49 yoshli Julian Assanj Wikileaks AQSH hukumatining maxfiy hujjatlarini e’lon qilganidan so‘ng, 2010 yilda mashxur bo‘lib ketdi. Jinsiy zo‘ravonlikda ayblanib, Shvetsiyaga ekstraditsiya qilinmaslik uchun u 2012 yilning iyun oyidan Ekvadorning Londandagi elchixonasida yashirinib yurdi. Keyinroq ayblov bekor qilindi. 2019 yilning aprelida Amerika tomonining talabiga ko‘ra, Britaniya politsiyasi Assanjni qo‘lga oldi. O‘shandan beri u Belmarsh qat’iy rejim qamoqxonasida saqlanmoqda.

Ekstraditsiya masalasi bo‘yicha eshituvilar 2019 yilning 2 may sanasidan boshlangan. Shundan so‘ng, AQSH hukumati Assanjga josuslik to‘g‘risidagi qonunni buzish va maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilish bo‘yicha 17 epizoddan iborat ayblovlarni qo‘ydi. U AQSHga topshirilsa va barcha epizodlar bo‘yicha aybdor deb tan olinsa, u 175 yillik qamoq jazosiga hukm qilinadi.