2020 yilning 11 dekabrga o‘tar kechasi turk politsiyasi tomonidan qo‘lga olingan o‘zbekistonlik taniqli jurnalist Abdukarim Mirzayevning vakili, advokat Mahmud Said Arslon rasmiy bayonot bilan chiqdi.

Advokatning ma’lum qilishicha, 10 dekabr kuni Istanbul Bosh prokuraturasi buyrug‘i bilan Abdukarim Mirzayevning uyida tintuv o‘tkazilgan va uning telefoni tekshirilgan. Jinoyat yoki jinoyat sodir etilganiga oid shubha tug‘diradigan hech qanday holat aniqlanmagani bois tergovni olib boruvchi prokuror tomonidan hatto uning ko‘rsatmalari ham olinmagan. Biroq politsiya guruhi Mirzayevni 3 kun mobaynida Kuchukchekmeje politsiya idorasida ushlab turgach, uni 14 dekabr kuni Istanbul immigratsiya ma’muriyati huzuridagi Binkilik (GGM) repatriatsiya markaziga topshirgan.

Istanbul immigratsiya ma’muriyati 15 dekabr kuni Mirzayevga jamoat tartibiga va jamoat xavfsizligiga tahdid qilgani uchun deportatsiya qilish va ma’muriy qamoqqa olish to‘g‘risida buyruq chiqardi. Buyruqda esa Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan yozilgan xat tufayli Mirzayev jamoat tartibiga va jamoat xavfsizligiga tahdid solgan degan xulosaga kelingani yozilgan. Ammo Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan yozilgan hech bir hujjatda Mirzayevning jinoyat sodir etganligi to‘g‘risida dalil yoki ma’lumot mavjud emas, faqat tintuv o‘tkazish talab qilingan.

Deportatsiya operatsiyasini bekor qilish uchun 1-sonli Istanbul ma’muriy sudiga da’vo arizasi kiritilgan. Ma’muriy qamoqni tugatish to‘g‘risida Istanbul Jinoyat sudi sudlariga yuborilgan arizalar murojaat sabablari o‘rganilmagan holda, hech qanday asoslarsiz rad etildi. Istanbul Immigratsiya boshqarmasi va Migratsiya bosh boshqarmasiga qilingan murojaatlarga esa javob berilmagan.

«Garchi hech qanday jinoyatda gumondor qilinmagani holda, Mirzayevni ozodlikdan mahrum qilish inson huquqlarini jiddiy buzish hisoblanadi, shu bois ma’muriy qamoq zudlik bilan bekor qilinishi darkor», — deydi advokat.

O‘z navbatida, 5 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan jonli efir vaqtida Abdukarim Mirzayevning hamkasbi, Registon TV YouTube kanali rahbari Tohir Abdulg‘ani Abdulloh so‘nggi vaqtlarda jurnalistning minglab muxlislari telefon va ijtimoiy tarmoqlar orqali u bilan muloqotga kirishgani, ular orasida ayrim telefon qo‘ng‘iroqlari va yozishmalar, hamma joyda bo‘lgani kabi, Turkiyada ham o‘zining xavfsizligini o‘ylaydigan tashkilotlarga shubhali ko‘ringan.

«Eng oxirgi olgan ma’lumotimizga ko‘ra, Abdukarim Mirzayev bilan aloqada bo‘lgan olti nafar shubhali shaxsning oltovi ham aybsiz deb topilgan va ular aybsiz deb e’lon qilingan. Ularni deb Abdukarim Mirzayevni ushlab turishgan edi», — dedi Tohir Abdulg‘ani Abdulloh.

Eslatib o‘tamiz, jurnalist Abdukarim Mirzayev Turkiyada qo‘lga olinganidan so‘ng O‘zbekiston Bosh prokuraturasi unga nisbatan hech qanday jinoiy ish yo‘qligi va jurnalistning o‘zi ham qidiruvda emasligini ma’lum qilgan edi.