Iqtisodiyot va siyosatshunoslik bo‘yicha ilmiy adabiyotlarda ko‘p yillar davomida demokratiyalashuv va iqtisodiy o‘sish darajasi bir-biriga bog‘liq emasligi to‘g‘risida deyarli yakdil fikr mavjud edi. Qabul qilingan konsensusda iqtisodiy o‘sish demokratiyalashuv jarayonisiz ham amalga oshishi mumkinligi aytilgan. Ko‘pgina tadqiqotlar demokratiyalashuv darajasi iqtisodiy o‘sishga ijobiy yoki salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin emasligini ko‘rsatar edi.

Albatta, iqtisodchilar demokratik davlatlarning avtokratik davlatlarda tez-tez sodir bo‘ladigan halokatli qarorlardan qochish qobiliyatidagi juda ko‘p afzalliklarni sinchkovlik bilan qayd etishgan. Masalan, iqtisodiyot sohasidagi Nobel mukofoti sovrindori hamda qashshoqlik va ocharchilik sohasidagi eng yirik tadqiqotchilardan biri Amartiya Sen ocharchilik demokratik davlatlarda bo‘lishi mumkin emas degan xulosaga keldi va bundan tashqari ommaviy ocharchilikning barcha tarixiy misollari faqat avtokratik davlatlarda bo‘lgan.

Ammo juda yomon iqtisodiy qarorlar demokratik davlatlarda kam uchrasada, demokratik davlatlar avtokratik davlatlarga qaraganda yaxshiroq rivojlangan deb aytolmaymiz.

O‘rtacha ko‘rsatkichlar nima uchun bunchalik kam ma’lumotga ega ekanligiga to‘xtalib o‘tish lozim. Demokratiya va avtokratiyalar o‘rtacha iqtisodiy jihatdan bir xil o‘sishga erishdilar, ammo avtokratiyalar juda tez yoki juda sekin o‘sdi. Demakki, avtokratiyada hayot lotereya o‘yiniga o‘xshaydi: agar hukmdor bilan omad «chopsa», juda tez o‘sish mumkin, agar omad «chopmasa», unda vayronagarchilik va ochlik ko‘p yillarga kafolatlanadi.

Albatta, muvaffaqiyatli avtokratiya misollari juda ko‘p, ammo muvaffaqiyatsiz avtokratik davlatlar misollari bundanda ko‘proq. Statistik til bilan izohlaganda, avtokratiyalarning o‘sish natijalaridagi dispersiya demokratik davlatlarning o‘sish tarixiga qaraganda ko‘proq.

Gektor Almeyda va Danel Ferreyra o‘zlarining ishlarida avtokratik davlatlarda iqtisodiy o‘sish variatsiyasi demokratik davlatlarga qaraganda 4,5 baravar ko‘p ekanligini ko‘rsatishdi. Statistik tildan oddiy tilga o‘giradigan bo‘lsak, avtokratik davlatlarda iqtisodiy «muvaffaqiyatli» va «muvaffaqiyatsiz» mamlakatlarda o‘sish sur’atlari o‘rtasidagi farq demokratik mamlakatlarga qaraganda 4,5 baravar ko‘pdir.


1970−1989 yillarda avtokratik va demokratik davlatlarning o‘sish sur’atlari. Almeyd va Ferreyra ishlaridan olingan grafik.

Ushbu qonuniyat taniqli rus siyosatshunosi Vladimir Gelmanning «har bir Li Kuan Yuga o‘ntadan Mugabe to‘g‘ri keladi» degan so‘zlarida yaxshi aks etgan.

Adabiyotni sarhisob qilamiz: demokratiyalashuv sekin, ammo aniq o‘sishga olib keladi, avtoritarizm esa lotereyada «omad kulib», hukumat kompetent avtokrat tomonidan boshqarilsa, tez o‘sishga yoki «omad kulmasa» uzoq yillik qashshoqlik va erkinlikning yo‘qligiga (bu, albatta, tez-tez sodir bo‘ladi) olib keladi.

Siyosiy tizimning iqtisodiy rivojlanishga ta’sir qilmasligi to‘g‘risidagi konsensus manbai Garvard iqtisodchisi Robert Barrouning ishidir (1,2), u regressiv tahlildan foydalangan holda «siyosiy huquqlarning ko‘payishi iqtisodiy o‘sishga olib keladi», degan xulosa uchun yetarli sabab yo‘q deb hisoblaydi.

Oldindan aytib qo‘ymoqchiman, mening bu maqolam 2019 yilda nashr etilgan va Barrou xulosalarini rad etgan ilmiy ish haqida. MTIdan Daron Ajemoglu, Kolumbiya universitetidan Suresh Naydu, Boston universitetidan Paskal Restrepo va Chikago universiteti vakili Jeyms Robinsonlarning chinakam yulduzli guruhi demokratiyalashuv aslida iqtisodiy o‘sishning sababi ekanligini ko‘rsatuvchi maqolani chop etdi. Demokratiyalashuv darajasining oshishi mamlakat farovonligining oshishiga olib keladi.

Maqolada mualliflar juda ilg‘or metodologik yangiliklardan foydalanishgan, natijada maqola ko‘p yillar davomida ko‘pgina tadqiqotchilarni qiynab kelgan ushbu savolga javob berishga imkon berdi.

Lirik chekinish

Yangi tadqiqot natijalari haqida gapirishdan oldin, lirik chekinish qilamiz. Ilm-fan baxtsizligiga va insonlar baxtiga iqtisodchilar, masalan, fiziklardan farqli o‘laroq, ko‘plab qiziqarli masalalarda tajribalar o‘tkazisholmaydi. Chunki iqtisodchilarning o‘rganish ob’ekti insonning xulq-atvoridir. Ayniqsa tuzum turi va iqtisodiy o‘sish kabi masalalarda tajriba o‘tkazishning aslo imkoni yo‘q. Shuning uchun demokratiyalashuv va o‘sishning statistik korrelyatsiyasi bizga sababiy bog‘liqlik to‘g‘risida hech narsa aytolmaydi.

Ya’ni, Robret Barrou demokratiyalashuv va o‘sish o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni topa olmaganligi, bu sababiy bog‘liqliklar mavjud emasligini anglatmaydi va shu bilan birga, mavjudligini ham. Shuning uchun ham Ajemoglu va hammualliflarning ishlari metodologik nuqtai nazardan muhimdir. Ular bog‘liqlikni emas, balki aynan sababiy bog‘liqliklarni ko‘rsatadi. Ularning natijalari mamlakatni demokratiyalashuv mamlakat avtokratik holatiga nisbatan aholi jon boshiga daromadni 20 foizga oshirishini ko‘rsatmoqda.

Oldinroq aytganimdek, iqtisodchilar odamlar ustida tajriba o‘tkaza olmaydilar. Bunda tabiiy savol tug‘iladi, Ajemoglu va hammualliflar tajriba o‘tkazishmagan bo‘lishsa, qanday qilib demokratiyalashuv o‘sishning ta’siri emas, balki sababi deb ta’kidlashlari mumkin?

Ilm-fandagi sababiy munosabatlar odatda tajribalar yordamida qanday o‘rnatiladi?

Buni tibbiyot misolida tushuntirishga harakat qilaman. Tadqiqotchilar dori yoki emlash vositasining ta’sirini bilmoqchi bo‘lganlarida, ular yetarlicha ko‘p odamlarni tanlaydilar, so‘ng ularni ikki guruhga ajratadilar: nazorat guruhi va eksperimental guruh. Eksperimental guruh haqiqiy dori yoki vaksinani, nazorat guruhi esa puch dorini oladi. Tajriba natijalariga ko‘ra, tadqiqotchilar dori yoki vaksinaning ta’sirini nazorat va eksperimental guruhlar faoliyatini taqqoslash yo‘li bilan o‘lchaydilar. Agar ishtirokchilar guruhlarga ajratilmasa, unda boshqa vositalar emas, balki aynan dori yoki emlash sog‘liqqa ta’sir qilgan deb aniq aytish mumkin emas. Masalan, koronavirusga qarshi emlashlar samaradorligi shu tarzda sinovdan o‘tkazildi. Bitta guruhga haqiqiy dori, boshqasiga esa platsebo (to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’siri bo‘lmagan dori vositasi) berildi. Ta’sirni tekshirish uchun ushbu ikki guruhni taqqoslash kerak.

Xuddi shu tarzda, iqtisodiyotda intervensiyalar samaradorligini aniqlash uchun tajribalardan foydalaniladi. Ammo tuzumlarning turiga oid masalalarda tajriba o‘tkazish mumkin emasligi sababli, iqtisodchilar «tabiiy tajribalar» deb ataluvchi hodisalarni kuzatishadi — ya’ni, bu tayyorlangan tajriba kabi ko‘rinadigan intervensiyalar. Masalan, AQSHning bir shtatida eng kam ish haqiga doir qonunchilik o‘zgartirilganda, iqtisodchilar «eksperimental» shtatdagi hududlarni (qonunchilik o‘zgartirilgan joyda) va «nazorat» shtatidagi qo‘shni hududlarni (shu kabi yangi qonun qabul qilinmagan qo‘shni shtat hududlarini) taqqosladilar va mehnat qonunchiligining ishsizlik darajasiga sababchi ta’sirini aniqlay oldilar.


Pensilvaniya va Nyu-Jersidagi tadqiqotchilar o‘rgangan joylar xaritasi. Minimal ish haqi Nyu-Jersida 1992 yilda 4,25 dollardan 5,05 AQSH dollarigacha ko‘tarilgan. Pensilvaniyada esa 4,25 dollar bo‘lib qoldi, bu deyarli «tabiiy tajriba» o‘tkazishga imkon berdi.

Kvazieksperimental tahlilning yana bir misoli instrumental o‘zgaruvchilar usuli (rus tilida yaxshi video) deb nomlanadi. Ushbu usul korrelyatsiya yordamida o‘zgaruvchilarning bog‘liqligini aniqlashning iloji bo‘lmagan muammolarni, ya’ni nima nimaga ta’sir qilishi aniq bo‘lmagan muammolarni (mashhur tovuq va tuxum muammosi) o‘rganish uchun qo‘llaniladi.

Demokratiyalashuv iqtisodiy o‘sishga olib keladimi yoki ushbu iqtisodiy rivojlanish demokratiyalashuvga olib keladimi degan savol ham yuqorida ko‘rsatilgan janrdan kelib chiqadigan muammo. Ajemoglu va hammualliflarning ishidagi yangilik — bu o‘zaro bog‘liqlikni o‘rnatish uchun instrumental o‘zgaruvchi usulidan foydalanishdir.

Instrumental o‘zgaruvchilar usuli qanday ishlaydi?

Aytaylik, tadqiqotchi fastfud iste’mol qilish va odamning sog‘ligi holati o‘rtasidagi sababiy munosabatni baholamoqchi. Sog‘liqni saqlash va fastfud mahsulotlarini iste’mol qilish o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik aynan fastfud sog‘liqning yomonlashuvi sababi ekanligini ayta olmaydi. Chunki sog‘liqqa ham, fastfud iste’moliga ham ta’sir qiladigan boshqa o‘zgaruvchilar bo‘lishi mumkin.

Masalan, daromadi kam odam ko‘proq fastfud iste’mol qilishi mumkin, bunday holda aynan fastfud uning sog‘ligiga zarar yetkazadi deb aytolmaymiz. Ehtimol, kam daromad bu odamga yetarli tibbiy yordam ko‘rsatilishiga yoki ekologik toza joyda yashashga to‘sqinlik qilishi mumkin. Ya’ni, fastfud iste’mol qilish va sog‘liq holati o‘rtasidagi statistik bog‘liqlikni ko‘rib chiqqanimizda, xulosa chiqarishga haqqimiz yo‘q.

Bu muammoni hal qilish uchun biz faqat fastfud iste’mol qilishga ta’sir qiladigan va sog‘liqqa ta’sir qilmaydigan o‘zgaruvchini topishimiz kerak. Shunda iqtisodiy tadqiqotlarda «instrument» deb nomlangan yangi o‘zgaruvchi fastfud iste’mol qilish va sog‘liq holati o‘rtasidagi sababiy bog‘liqlikni topishga yordam beradi. Aytaylik, biz uydan eng yaqin fastfudgacha bo‘lgan masofani hisoblaydigan o‘zgaruvchini joriy qildik. U bizning tenglamamizda «instrument» bo‘lib xizmat qilishi va savolimizga javob berishda yordam berishi mumkin. Masofa fastfud iste’mol qilish chastotasiga katta ta’sir ko‘rsatishi, ammo inson salomatligiga bevosita ta’sir qilmasligi sababli, bu o‘zgaruvchi juda yaxshi «instrument» bo‘lishi mumkin.

Shuni ta’kidlash lozimki, media maydonda ba’zi dorilar yoki mahsulotlarning sog‘liqqa ta’siri bo‘yicha olib borilgan ommabop tadqiqotlar natijalarining aksariyati ishonchli emas va ular ko‘pincha sababiy bog‘liqlikga emas, balki korrelyatsiyaga asoslanganligi uchun rad etiladi.

Endi yana demokratiyalashuvga qaytamiz. Ajemoglu va hammualliflar modulining «instrumenti» qo‘shni mamlakatlarni demokratiyalashuvidir: bu manba mamlakatda iqtisodiy o‘sishga ta’sir qilmaydi, lekin demokratiyalashuvga ta’sir qiladi. Shuning uchun, bu o‘zgaruvchi yetarlicha yaxshi «instrument».

Demokratiyalashuv va iqtisodiy o‘sish o‘rtasidagi sababiy bog‘liqlik

Uch xil usuldan, shu jumladan instrumental o‘zgaruvchan usulidan foydalangan holda, mualliflar demokratiyalashuv odamlar daromadlarini uzoq muddatda 20 foizga ko‘paytiradi degan xulosaga kelishdi. Mashhur sudya va advokat Richard Poznerning kambag‘al mamlakatlarda diktatura jamiyatni tashkil qilishning demokratiyadan ko‘ra samaraliroq usuli ekanligi haqidagi mashhur fikri ham o‘z tasdig‘ini topmadi. Ya’ni, hatto juda kambag‘al mamlakatlar demokratiyalashuvni amalga oshirganda ham ularning daromadlari oshadi.

Ajemoglu va hammualliflarning tadqiqotlari nashr etilgan vaqt juda qiziq. Dunyoni farovonlik va taraqqiyotning misli ko‘rilmagan tarixiy o‘sishiga olib kelgan demokratiya, globallashuv, so‘z erkinligi va boshqa muhim g‘oyalar so‘nggi besh yilda unchalik mashhur emas. Ayniqsa rivojlangan va demokratik mamlakatlarda.

Albatta, istisnosiz barcha rivojlangan mamlakatlar demokratik davlat va juda ochiq iqtisodiyotga ega, ammo baribir globallashuv, erkinlik va demokratiya g‘oyalari tobora mashhurligini yo‘qotmoqda. Nima uchun bu narsa sodir bo‘layotganini izohlamoqchi emasman, buni tushuntirish uchun iqtisodiy adabiyotda ham aniq xulosa hali shakllanmagan. Ammo psixologiyada olimlar bu tendensiya uchun juda ishonchli tushuntirishlar berib, inson xotirasi juda uzoq emasligini ta’kidlamoqdalar.

Erkinlik insoniyatni rivojlangan va boy qilganligi ko‘pincha unutiladi va bu tabiiydir. Xulosa shuki, muhim g‘oyalar keyingi avlodlar tomonidan doimiy ravishda qayta ko‘rib chiqiladi.

Shuning uchun Ajemoglu va hammualliflarning maqolasi juda muhim va dolzarbdir. Bu bizga insoniyat tomonidan umume’tirof etilgan demokratik qadriyatlarga yangicha qarashga yordam beradi. Demokratiyalashuv va erkinlik uchun kurashgan, ularni hayotlarining asosiy maqsadi deb bilgan o‘tmishdagi odamlarning fikrlari endi zamonaviy munozalarga bu qadar kuchli ta’sir ko‘rsatmayapti. Zamonaviy jamiyat ham demokratiyaning ahamiyatini qayta ko‘rib chiqishi kerak. Ba’zi jamiyatlarda bu jarayon yanada og‘riqli.

Maqolada demokratiyalashuv jarayoni farovonlikni yaxshilashi va agar daromadlarni ko‘paytirishni jamiyat uchun yetarlicha ezgu maqsad deb bilsak, demokratiyalashuv hech bo‘lmaganda ushbu maqsadga erishishga yordam beradi. Kambag‘al va rivojlanayotgan mamlakatlar uchun bu natijalar yanada muhimroq bo‘lishi mumkin, chunki aksariyat kambag‘al mamlakatlar demokratik davlatlar emas.

Menimcha, O‘zbekistondagi hozirgi islohotlar nuqtai nazaridan siyosiy islohotlar haqida gapirish har qachongidan ham muhimroq. Biz uzoq vaqtdan beri iqtisodiy o‘zgarishlarni amalga oshirib, asta-sekin demokratiyalashuvga yaqinlashamiz deb o‘ylaymiz.

Ammo gap shundaki, ma’lum bo‘lishicha, demokratiyalashuv yoki siyosiy o‘yin qoidalarini isloh qilish ham mohiyatan iqtisodiy islohotdir. Iqtisodiy adabiyotlarda nafaqat demokratik davlatlar asta-sekin, uzoq muddatda o‘sib borishi, balki demokratiyalashuv o‘sishning natijasi emas, aynan sababi ekanligi ham ko‘rsatiladi. Barchamiz iqtisodiy o‘sishni xohlayotganimiz sababli, demokratiyalashuv bu maqsadga erishishda yordam beradi.

Maqolani diqqat bilan o‘qilsa, daromadlarning 20 foizga o‘sishi muvaffaqiyatli demokratiyalashuvdan 25 yil o‘tgach paydo bo‘lishi ko‘rsatib o‘tilgan. Bu, agar O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng darhol demokratlashganida, biz hozirgi kunga qaraganda 20 foizga boyroq bo‘lishimiz mumkinligini anglatadi…


Vaqtinchalik shkala bo‘yicha demokratiklashtirishdan oldin va keyin aholi jon boshiga YAIM o‘sishining grafigi. Manba: Ajemoglu, Naydu, Restreppo, Robinson.

Shuning uchun, agar biz demokratiyalashuv jarayonini hozirdan boshlasak, bizning daromadimiz 25 yildan so‘ng ko‘payadi. Albatta, 25 yil — bu uzoq muddat, ammo hozir boshlanmasa, bu muddat barbir qisqarmaydi. Muvaffaqiyatli demokratiyalashuv holatida bu yil tug‘ilgan bolalar chorak asrdan keyin ancha obod va eng muhimi, erkin mamlakatda yashashlari mumkin. Menimcha, bu juda ezgu maqsad.

So‘z yakunida. Konstitutsiyamizda demokratiya ham asosiy tamoyil sifatida belgilangan. Shuning uchun men «demokratiyalashuv» nima ekanligini muhokama qilishni Konstitutsiyamizning tavsiflovchilariga topshiraman. Maqolam bilan men shuni aytmoqchimanki, agar ushbu tamoyilga amal qilinsa, unda iqtisodiy o‘sishni ham tezlashtirish mumkin. Menimcha, win-win.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.

Behzod Hoshimov — iqtisodchi, Medisondagi (AQSH) Viskonsin universiteti biznes-maktabining doktoranti. 2016 yil may oyidan buyon Vaynart tadbirkorlik markazida tadqiqotchi bo‘lib ishlaydi. Viskonsin universitetining iqtisodiyot magistri va Nanyang texnologik universitetining (Singapur) matematika bakalavri darajasiga ega.