Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Toshkent metropolitenining Sergeli yo‘nalishini borib ko‘rdi. Davlat rahbari jamoatchilik vakillari bilan poyezdda yurib, yo‘lovchilar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

Oxirgi bekatda ushbu Sergeli yo‘nalishini Qo‘yliq yo‘nalishi bilan bog‘lash, yerusti metrosining keyingi bosqichlarini qurish bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Prezident tegishli topshiriqlar berdi.


Ma’lumot uchun, ushbu metro yo‘nalishini loyihalashtirish 2017 yilda boshlangan edi. Uzunligi 7 kilometrlik mazkur temir yo‘lda beshta bekat barpo etilgan. Metropolitenning «Olmazor» bekati bilan oraliqda 580 metrlik tonnel qurilib, yerusti va yerosti yo‘llari bog‘langan. Ushbu yo‘nalishda kuniga 35 mingtagacha odam qatnashi mumkin.

Ushbu yo‘nalish 26 dekabr soat 16:00 dan boshlab xizmat ko‘rsata boshladi. «O‘zbekiston temir yo‘llari» matbuot xizmatining xabar berishicha, aynan bugundan boshlab 2021 yil 1 yanvar soat 8:00 gacha ushbu yo‘nalishning «Bekat-1», «Bekat-2», «Bekat-3», «Bekat-4», «Bekat-5» stansiyalarida harakatlanish bepul bo‘ladi. Biroq bepul xizmat faqat yangi yo‘nalishdan transportga chiqilganda amal qiladi. Ya’ni agar yo‘lovchi Chilonzor yo‘nalishida transportga chiqqan bo‘lsa xizmat pullik bo‘ladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati.