Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonovning aytishicha, hozirda Toshkent shahridagi uchta poliklinikada vaksinaning uchinchi bosqich sinovlari bo‘lib o‘tmoqda.

«Uchinchi bosqich sinovlarining boshida vazirlik rahbariyati, shaxsan o‘zim mana shu vaksinalarni bir oy oldin emlash jarayonini amalga oshirdik. Bir oy ichida birorta nojo‘ya ta’sirini o‘zimizda sezganimiz yo‘q. Dastlabki natijalar antitanachalarning hosil bo‘layotganligini ko‘rsatyapti».

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshliq o‘rinbosari Botirjon Qurbonovning ma’lum qilishicha, 22 dekabr holatiga ko‘ra, 226 nafar ko‘ngilli koronavirusga qarshi vaksina bilan emlangan. Ayni paytda Toshkentda nazoratga olish imkoni keng bo‘lganligi uchun asosan poytaxtda yashovchi ko‘ngillilar ushbu vaksina bilan emlanayotganligi aytildi.

«Shu paytgacha uchinchi faza klinik-sinovlari davomida emlanganlar o‘rtasida ham salbiy asoratlar aniqlanmagan. Ular doimiy ravishda shifokorlar nazoratida bo‘lib turibdi», — dedi u.

Xabarda aytilishicha, vaksina to‘g‘risidagi fikr-mulohazalarni bildirish hamda ko‘ngilli sifatida emlashda qatnashish niyatida murojaat qilishi uchun Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan maxsus sayt yaratilmoqda.

O‘zbekistonda Xitoyda ishlab chiqarilgan vaksinalar sinovi 10 dekabr kuni boshlangan edi. Klinik sinovlarni o‘tkazish uchun jami 5 ming nafar ko‘ngillilar tanlab olingan.