Avvalroq, “Gazeta.uz” Tashkent City bog‘iga yangi yil arafasi va yangi yil kunlarida kirish pullik etib belgilangani haqida ma’lum qilgan edi.

Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev mazkur masala yuzasidan Rost24`ga o‘z munosabatini bildirdi.

“Munosabatni ular (direksiya) aytadi. Parklarni saqlab turish uchun boshqacha chorasi yo‘q. Chunki u yerda shuncha daraxtlar ekilgan, elektr energiya ketadi. Tashkent City qurilishiga ancha xarajat qilingan. Buni saqlab turishning o‘zi qiyin. Bir oyda saqlab turishga 900 mln so‘m, har bitta fontanni otilishiga bir kunda 1 mln so‘mdan ko‘p pul ketadi. Bunga byudjetdan pul ajratilmaydi. Chunki soliq to‘lovchilar kirsa-kirmasa pul to‘lamaydi-ku. U kirganida pul to‘lasa, o‘shanda adolatli bo‘lsa kerak. Ya’ni byudjet soliq to‘lovchilarning hisobiga shakllanadi. Odamlarda haqli ravishda savol tug‘iladi. „Umuman Tashkent City`ga kirmasam nimaga men to‘layotgan soliqdan pul berayapsizlar?“ deyishi mumkin. Shuning uchun o‘zini-o‘zi boqqani hamma joyda eng dolzarb manimcha”, — dedi hokim.

Tashkent City bog‘iga 17-dekabrdan 10-yanvargacha muddat oralig‘ida kattalar uchun chipta narxi — 10 ming so‘m, bolalar uchun — 5 ming so‘m, yengil avtomobilda kirish — 20 ming so‘m etib belgilangan.